Yangiliklar

Yangilangan sana: 05.15.2024 14:15:15




“Noqonuniy harakatlar” aslida ham noqonuniymi?


Kun.uz, Qalampir.uz, Gazeta.uz saytlarida “Gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard so‘mlik noqonuniy harakatlariga barham berildi”mazmunidagi sarlavha ostida maqolalar e’lon qilindi. Unda Respublika Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida noqonuniy harakatlar aniqlanayotgani haqida ma’lumotlar va hududlar kesimida ro‘yxat keltirilgan.

“O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari fikricha maqolada keltirilgan faktlarni noto‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Ammo, “188 milliard so‘mlik noqonuniy xarakatlar” degan jumla noo‘rin qo‘llanilgan. Chunki,amaldagi me’yoriy xujjatlar bo‘yicha barcha ulgurji iste’molchilarga shartnomaviy talablar hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi VMQ-22-son qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ida keltirilgan talablarga ko‘ra tabiiy gaz yetkazib beriladi va shu gaz uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qarorning 2-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 111 bandida iste’molchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin shartnomada ko‘rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 100 foizi miqdorida gaz ta’minoti tashkilotiga oldindan to‘lovlarni amalga oshirishlari belgilangan.

Ushbu bandning 2-xat boshiga asosan Byuroga bildirgi tartibida murojaat qilingan holda hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirishi mumkin, hamda amalda iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmi uchun yakuniy hisob-kitob hisobot oyining oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorning 107-moddasida tabiiy gaz uchun iste’molchining to‘lov muddati o‘tgan qarzi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning avans to‘lovi hisobiga o‘tkazilgan mablag‘lari iste’molchini xabardor qilgan holda, to‘lov muddati o‘tgan qarzni to‘lashga yo‘naltiriladi va avans to‘lovi sifatida hisobga olinmasligi qayd etilgan.

Lekin istemolchilar, me’yoriy xujjatlar va shartnoma talablarini bajarmasdan, ya’ni hisobot oyi tugagandan keyin kelgusi oyning 10 sanasigacha yakuniy hisob-kitoblarni bajarmasdan, o‘tgan hisobot oyi uchun debitor qarzdorligi mavjud bo‘la turib, narx-navoning o‘zgarishini bilgan holda kelgusi oyning 14 sanasida to‘lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Ya’ni, hisobot oyi uchun yakuniy hisob-kitoblarni ta’minlamasdan, 14 sanadagi to‘lovni kelgusi oy uchun avans to‘lovi deb e’tirof etilgan holatlar aniqlangan. Bu esa hisob kitoblarning aniqligiga shubha uyg‘otadi.

Maqolada keltirilgan holatlarda respublikadagi gaz ta’minoti korxonalari tomonidan ulgurji iste’molchilar bilan shartnoma imzolash davrida iste’molchilarning faoliyat yo‘nalishlari belgilanmagan. Ayrim ulgurji iste’molchilar misolida qaraydigan bo‘lsak, ular o‘z uylarida Oilaviy korxona shaklida restoran yoki kafelarni tashkil etishgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining №PQ-3379-sonli qarorida tabiiy gaz oshirilgan tariflarda sotilishi belgilangan iste’molchilar ro‘yxati keltirilgan. Ushbu ro‘yxatda restoran va kafelarga ham 1 kub.metr tabiiy gaz uchun 1000 so‘mdan hisob-kitob qilinishi ko‘zda tutilgan. Ammo, hozirgi kunda energoresurslarning narxlari tabaqalangan tarzda oshirilishi munosabati bilan iste’molchilarimiz, ayniqsa restoran va kafelar Oilaviy korxona shaklida qayta ro‘yxatdan o‘tmoqda. Buning sababi O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunidagi 28-moddasiga asosan Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari, ya’ni tabiiy gaz haqini aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiradi.

Birgina 2018 yil davomida narxlarning tabaqalanishi oqibatida, 12 mingta Xususiy korxona-Oilaviy korxona sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tgan. Bu esa tadbirkorlarning imtiyozli narxlarda tabiiy gaz to‘lovlarini amalga oshirish uchun qilgan hatti-harakatlaridir.

Iste’molchilar o‘z Nizomlarida asosiy faoliyat turlaridan tashqari yana bir qancha faoliyat turlarini ko‘rsatib o‘tishgan. Ammo me’yoriy xujjatlarga asosan iste’molchilarning faoliyat turlari o‘rganilganda, iste’molchilarga oshirilgan narxlarda tabiiy gaz sotilishi lozimligi aniqlanmoqda.

Bu ulgurji iste’molchilar tomonidan oldindan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli kelib chiqqan anglashilmovchiliklar bo‘lishi yoki hisob-kitoblarni amalga oshirishda metodologik yondashuvdagi hatolik bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin, maqolaning-mablag‘larning o‘zlashtirilishi degan mazmunda yoritilishi qanchalik to‘g‘ri ?!

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ajrimlarida gaz ta’minoti korxonalariga bir oy ichida qayta hisob-kitoblarni amalga oshirilishi belgilangan. Gaz ta’minoti korxonalari tomonidan tabiiy gazdan mavsumiy va doimiy foydalanadigan iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan aniqlangan miqdorlar qayta hisob-kitob qilinadi. Avans tariqasida to‘langan to‘lovlar miqdori kelib chiqsa, bu to‘lovlar miqdori korxonalarning keyingi davrda oladigan tabiiy gaz hajmlari uchun hisob-kitob qilinishi mumkin.

Xulosa shuki, shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga iste’molchi va ta’minotchi birdek 100 % amal qilishi kerak. Shundagina, o‘tkazilgan tekshiruvlar aniq va xolis kechishiga erishish mumkin.

Internet sahifalaridagi maqolalarda keltirilgan ma’lumotlardan tadbirkorlik sub’ektlari yoki aholining havotirlanishlariga asos yo‘q deb o‘ylaymiz.

Bunday holatlarda turli qarorlar qabul qilish noo‘rindir va iste’molchi bilan ta’minotchi orasida vujudga kelgan barcha nizolar o‘rnatilgan tartibda sud qarorlariga asosan hal etiladi.

“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati



Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech