Yangiliklar

Yangilangan sana: 04.24.2024 14:08:45




«Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasidagi avariya Farg‘ona vodiysiga ta’sir qilmaydi — «O‘ztransgaz»

Iyun boshlarida Buxorodagi «Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasida yong‘in sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng, avariya oqibatida Farg‘ona vodiysi qish mavsumida gazsiz qolishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Boshqarma rahbari buni rad etib, ular faqat Buxoro, Navoiy, Samarqandga gaz yetkazib berishini ma’lum qildi.

11 iyun kuni soat 04:10 larda Buxoro viloyati Kogon shahar gazchilar qo‘rg‘onida joylashgan «Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasida yong‘in sodir bo‘lgandi.

Voqea joyiga 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 2 ta maxsus texnika soat 04:13 da yetib borgan va yong‘in soat 05:50 da o‘chirilgan.

«O‘ztransgaz» AJ tomonidan OAV vakillari uchun Buxoroga tashkil etilgan press-turda ma’lum qilinishicha, 11 iyun kungi yong‘in «Kogon magistral gaz quvurlari»ga qarashli KS-1 gaz kompressori stansiyasida sodir bo‘lgan.

«O‘sha kuni nazorat qilib bo‘lmaydigan avariya yuz bergan. Stansiya 1964 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, shu paytgacha bunday holat hech kuzatilmagan. Yong‘in muhofaza qiluvchi kranlar orqali 12−15 daqiqada o‘chirilgan. Hodisa oqibatida 16 ming kub gaz yongan, stansiyaga 56 million so‘m zarar yetgan. Tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», — dedi «Kogon magistral gaz quvurlari» yetakchi muhandisi Ilhom Ostonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, binoni demontaj qilish ishlari to‘liq yakunlangan. Stansiyani tiklash-ta’mirlash ishlariga to‘rtta loyiha instituti jalb qilingan. Jarayonni joriy yilning oktbyar oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.


Nodirbek Amonov

«Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Amonov tarmoqlarda avariya natijasida qish mavsumida Farg‘ona vodiysi gazsiz qolishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirib o‘tdi.

«Aslida bu gaplar asossiz. Shu sabab ham biz OAV vakillari va blogerlarni voqea joyiga taklif qilib, to‘g‘ri axborotni beryapmiz. Shuni alohida aytishim kerakki, biz Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib bermaymiz», — dedi Nodirbek Amonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqarma tarkibidagi gaz quvurlari uzunligi umumiy 1046 kilometrni tashkil etadi. 1200, 1000, 700, 500 diametrli gaz quvurlari orqali asosan, Buxoro va Navoiy viloyatlari, Samarqandning uchta tumaniga gaz yetkazib beriladi.




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech