Yangiliklar

Yangilangan sana: 05.17.2024 15:50:03




Yoshlarning bilimga chanqoqligi – ustozga kuch beradi

Yoshlarning bilimga chanqoqligi – ustozga kuch beradi


“Urganchtransgaz” Unitar korxonasi “O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi muhim tuzilmalardan biri. Qariyb 3 ming kishilik korxonani bir Vatan desak, uning ichida kichik Vatan kabi O‘quv-sog‘lomlashtirish markazining ham o‘z o‘rni bor. Neft va gaz sohasiga zarur mutaxassis tayyorlovchi ushbu markazda har yili 600 nafar mutaxassis ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim oladi, malaka oshiradi. Bu qisqacha ifodalansada, uning zamirida o‘nlab ustoz va murabbiylar mehnati yotgani sir emas. Markazga iqtisod fanlari nomzodi, tajribali o‘qituvchi Bahrom Avezov yetakchilik qilmoqda. Biz u bilan markaz faoliyati, o‘qituvchilikning mashaqqatlari, o‘ziga xosliklari haqida suhbatlashdik. Dastlab o‘quv yurti faoliyati to‘g‘risida so‘radik.

AVEZOV - Markaz 1974 yilda tashkil topgan. O‘shanda sobiq Ittifoq hududida shu kabi 4 ta o‘quv kombinati bo‘lib, mintaqaviy ahamiyatga ega edi. Tor doirada mutaxassis tayyorlovchi markazimiz Respublikada yagona hisoblanadi. Bugungi kunda gaz transporti bo‘yicha xodimdan talab qilinadigan bilimlarni tekshirish, kasbga yo‘naltirish, qayta tayyorlash ishlari shu markazda omalga oshirilyapti. “Tarmoqli quvur o‘tkazuvchilar”, “Elektrpayvandchilar”, “Elektr uskunalarini ta’mirlash, ularga xizmat ko‘rsatish elektromontyori”, ”Yer osti quvurlarini elektrokimyoviy ximoyalash montyori”, “Texnologik kompressorlar mashinisti” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilayotgan markaz hududida amaliy mashg‘ulotlar uchun dala sharoitidagidek maxsus poligonlar tashkil qilingan. Zamonaviy auditoriyalar, kompyuterlar, 3000 kitob fondli texnik kutubxona bor.

MUXBIR – Yaqinda bir yoshi ulug‘ mutaxassis bilan suhbatimizda ayni shu borada muammo - kitoblarni davlat tiliga o‘girish zarurati borligini aytdilar. Bugun sizlar shu masalada qanday yo‘l tutmoqdasiz?

AVEZOV – Sohaga oid qo‘llanmalar avvaldan asosan rus tilida bo‘lgan. Lotin alifbosida o‘qitilgan hozirgi ayrim yoshlar ichida shu masalada kamchilik bor. Bu nafaqat soxaning, balki jamiyatning muammosi. So‘nggi yillarda neftgaz tarmog‘i terminlarining lug‘ati kirill alifbosida chop etildi. Kimdir o‘sha kirillcha lug‘atni ham o‘qiy olmasa, bu endi yosh xodimning muammosi. O‘zbek tilida ham darsliklar bor. Bizda murabbiylar mashg‘ulotlarni o‘zbek tilida olib borishadi. Mashg‘ulotlarda leksiyalarga emas, asosan amaliy mashg‘ulotlarga tayanamiz. Ta’mirlash sexida uskunalarning kesim maketlari xuddi hayotdagidek ko‘rsatiladi. Gaz energo ta’mirlash korxonasida amaliy dars o‘tiladi. Gazchilar posyolkasidagi Zaung‘ur MGQBdagi jarayon bilan tanishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Gaz taqsimlash stansiyalariga boriladi. Elektriklar simyog‘ochga tirmashib chiqib amaldagidek ish bajarishadi va hokazo.

MUXBIR – Xodimlarni o‘qishga jalb etish qay tartibda bo‘ladi ?

AVEZOV - Har yili kuzda tizim tashkilotlaridan ehtiyojlar haqida ma’lumot yig‘ib, yangi yilga reja tuziladi. Bu yerda bir vaqtda 180 kishini o‘qitish imkoniyati bor. Markazimizda mamlakatimiz neft-gaz tizimida ishlayotgan xodimlarning 30 foizi turli shakllarda ta’lim olgan.

MUXBIR – Markaz xodimlari ichida hurmatiga sazovor ustoz-murabbiylar deb kimlarni ayta olasiz?

AVEZOV - Komiljon Ahtamov - respublikamizda u kishi o‘qitmagan gaz payvandchi yo‘q, desa bo‘ladi. Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha Odamboy Botirov, Elektrotexnikadan Davron Otaboev. Bularning hammasi shu markazda kamida 30 yillik tajribaga ega murabbiylar. Hozirda ustoz-shogird ananasiga ko‘ra institutni tamomlagan yoshlarni ham dars o‘tishga jalb qilyapmiz. Xushnudbek Polvonov ulardan biri.

MUXBIR – Siz Iqtisod fanlari nomzodisiz. Universitetning sobiq o‘qituvchisi, hozirda o‘quv markazida rahbarsiz. Faoliyatingiz o‘qitish bilan bevosita bog‘liq. O‘qituvchilik oson emas. Shu kasbni tanlaganingizdan afsuslangan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

AVEZOV – O‘qituvchilik kasblar ichida eng murakkabi, sharaflisi shuningdek barakalisi ham. Insonning o‘zi shu kasbni to‘g‘ri tanlab, to‘g‘ri ishlasa undan boy odam bo‘lmaydi. Buni ayniqsa shogirdlar hurmatini ko‘rganimda yanayam kuchli his qilaman. Avvallari ancha muddat o‘qituvchilik e’tibordan qolib keldi. Maoshi ham kam edi. Olib chiqib ko‘cha supurtirish hollari bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im o‘qituvchi. Ular bir kuni ko‘p qavatli uy atrofini supurib turishganida, lash-lushlarini mashinaga joylab to‘yga ketayotgan yallachi xotin bolasiga dakki berayotganmi. - Yaxshi o‘qi, uyda darslaringni vaqtida qilgin, bo‘lmasa mana bularga o‘xshab ko‘cha supurib yurasan, dermish. Bu latifaga o‘xshaydi lekin hayotda bo‘lgan gap. Mana endi bugunga kelib o‘qituvchilik uyat bo‘lmay qoldi. Kasbga e’tibor ortdi. Ish haqlari oshirildi. O‘z ustida ishlaganlarni rag‘batlantirilmoqda. Endi pedagogikaga kuchli kadrlar yana qaytadi. O‘zim esa o‘qituvchilikni tanlaganim emas, o‘rtada bir necha yil boshqa ishga ketib kolganimdan afsuslangan vaqtlarim bo‘lgan. 1992 yilda xokimiyatga o‘tib ishlaganimda, o‘zimni kasbim yaxshi edi, deya afsuslanganman. Bugun hayotimdan, faoliyatimdan mamnunman.

MUXBIR – Ustoz markazda ishlayotganingizga ham 12 yildan oshdi. O‘zingiz dars ham o‘tsangiz kerak...

AVEZOV - Bugun markazda 40 nafarga yaqin xodim ishlaydi. Kasbimiz mas’uliyatli. Ish jarayonida gohida ayrim yoshlardagi befarqlikni ko‘rib, milliardlab qiymatlarda baholanadigan uskunalarni ularga topshirishning - o‘zi bo‘lmaydi,deya o‘ylanib ham qoladi kishi. Tinglovchi chiroyli kiyinib olib darsda o‘tirgani bilan ustoz berayotgan ma’lumotlarga befarq bo‘lsa, bu holat murabbiyni ham ishdan sovutadi. Aksincha, qiziqishlarini nigohi, e’tibori bilan sezdirib zarur bilimni ololsa uni endi zavqi bo‘lakcha. Yoshlarimizga shuni tilayman chunki bu - ustozga kuch beradi.

MUXBIR – Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Sizni va “Urganchtransgaz” unitar korxonasi o‘quv-sog‘lomlashtirish markazi xodimlarini 1 Oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklaymiz!

Sharafli ishingizda omad yor bo‘lsin!

“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech