Yangiliklar

Yangilangan sana: 04.29.2024 16:30:53




Davlat xaridlarida ijrochilarning yaqin qarindoshlari ishtirok etishi taqiqlab qo‘yiladi

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va ayni kunda Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.

     

Qayd etilishicha, loyihada davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xususan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof hamda samarali tizimini yaratish orqali korrupsiyaning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyihada korrupsion omillar, huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “benefitsiar”, “davlat xaridlarining ijrochisi”, “dastlabki malaka tanlovi”, “zaxira g‘olibi, “ixtisoslashgan tashkilot”, “manfaatlar to‘qnashuvi”, “xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi” kabi tushunchalarga ta'riflar berildi va mazmunan kengaytirildi.

Korrupsiyaning oldini olish nuqtai nazaridan oshkoralik, raqobat va qarorlarni qabul qilishning xolisona mezonlariga asoslanadigan xarid tizimlarini yaratish uchun xarid e'lonlari va tuzilgan shartnomalarni davlat xaridlari portaliga joylashtirish, jamoatchilikka oshkor qilish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarli shart-sharoitlar yaratishga e'tibor qaratilgan.

Xaridlarda savdo g‘oliblarini tanlash va qarorlarni qabul qilish mezonlarini hamda ishtirok etish shartlarini belgilash shartlari oldindan ochiq e'lon qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan cheklovlar, ya'ni ishtirokchilarning yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan taqdirda ishtirokchining davlat xaridlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi aks ettirilgan. Davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritishga taqiq qo‘yilgan.

Davlat xaridlari doirasida tuzilgan barcha shartnomalar to‘g‘risida ma'lumotlarni jamlash yagona reestr orqali amalga oshirilishi haqidagi tartib ham belgilanmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborot davlat xaridlarining elektron tizimida joylashtirilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi.

Kun.uz






Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech