jins

Uztransgaz

26.07.2024




Buxoroda “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlarining himoya maydonlariga bag‘ishlangan press-tur bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga magistral gaz quvurlarining himoya maydonlari haqida ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanishicha, “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi 13 400 kilometrga yaqin magistral gaz quvurlarining himoya maydonlarida 3 mingdan ortiq qurilma mavjud bo‘lib, ulardan 600 ga yaqini Buxoro viloyatida joylashgan. Tadbirda quvurlar atrofidagi qurilma egalari va ularga tegishli mulklar xavfi haqida xabardor qilindi. Noqonuniy qurilishlarning xatarlari va quvurlar atrofidagi yer maydonlaridan foydalanish qoidalari tushuntirildi.

– Magistral gaz quvurlari himoya maydonlaridan foydalanishning mezonlari mavjud, – deydi “O‘ztransgaz” AJning axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova. – Tartiblarga to‘liq amal qilinmagani sababli bugungi kunda gaz transport tizimi atrofida noqonuniy qurilmalar soni ortgan.























Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 martdan kuchga kirgan “Gaz transporti tizimi ob’ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mavjud muammolar yechimi uchun zarur huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu qaror gaz transporti tizimi ob’ektlarini muhofaza qilish qoidalarini belgilab berdi. Magistral gaz quvurlarini himoya qilish hamda gaz transporti tizimining muhofaza hududlarida noqonuniy qurilmalarni boshqarish ishlari bo‘yicha talablarni o‘z ichiga oldi.

Hujjatda magistral gaz quvurlarini muhofaza qilish va gaz transporti tizimining muhofaza hududlari o‘lchamlarini aniqlash tartiblari, bu maydonlarda ishlab chiqarish ishlarini tashkil etish va amalga oshirishga oid talablar belgilandi. Tizim ob’ektlari joylashgan hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning qoidalarga rioya etish majburiyligi qat’iylashtirildi.

“O‘ztransgaz” AJ xodimlari tomonidan quvurlar atrofidagi ob’ektlarning egalariga quvurlarni ishlatishga halaqit berishi mumkin bo‘lgan tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik va qurilmalarni xavfsiz joylarga ko‘chirish bo‘yicha ogohlantirish xati tarqatilmoqda. Joriy yil birinchi choragida mana shunday xatlardan 6200 tasi tarqatildi.

Muhofaza maydonlaridagi qurilmalarning 23 foizida kadastr hujjatlari bor. Bu esa mavjud vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Qurilmalarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha sudlar chiqargan qarorlar ijrosini ta’minlash uchun mahalliy hokimiyatlarga topshiriqlar chiqqan. Hozirda ular himoya hududlaridagi qurilmalarni narxlash va boshqa tadbirlarni rejalashtirish ustida ish olib bormoqda.

Ishtirokchilar “O‘ztransgaz” AJ Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli Romitan tumanidan o‘tuvchi yuqori bosimli magistral gaz quvurlari himoya zonasidagi sharoitlar bilan tanishdi.  

Mazkur press-tur magistral gaz quvurlari himoya maydonlaridagi ob’ektlar va ularning gaz transport tizimiga ta’siri haqida jamoatchilikni xabardor qilish zarurligini ta’kidladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar gaz quvurlarining xavfsizligini ta’minlashda ahamiyatli bo‘lgan choralar bilan yaqindan tanishdi. Kelgusida bu borada hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.


Возврат к списку