jins

30 iyun – Yoshlar kuni

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Yoshlar forumi o‘tkazilmoqda.

Poytaxtimizdagi Ma’rifat markazida bo‘lib o‘tayotgan mazkur tadbirda jamiyat ijroiya apparati va respublikamizning turli hududlaridagi tarkibiy bo‘linma hamda tashkilotlaridan 100 nafarga yaqin ishchi-xodim taklif etildi.

Forum ochilishida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtidorini namoyon etishda qulay sharoit yaratilayotgani va ular ham bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topayotganini hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi "2022-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bu kabi ezgu ishlarni tashkil etishda muhim huquqiy asosdir.

Aytish joizki, “O‘ztransgaz” AJ tarkibida 8 ta magistral gaz quvurlari boshqarmasi, 2 ta gazni yer ostida saqlash inshooti va 1 ta unitar korxonasi faoliyat yuritadi. Bu tashkilotlar tomonidan 13 200 kilometrdan ortiq turli hajmdagi magistral gaz quvurlari, 420 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 22 ta kompressor stansiyasi hamda 2 ta gazni yer ostida saqlash inshooti ekspluatatsiya qilinadi. bugungi kunda jamiyat tizimidagi korxonalarda 8 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 1000 nafardan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

"O‘ztransgaz" AJ Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti raisi Samandar Sodiqov biz bilan suhbat chog‘ida ushbu forum juda qiziqarli va mazmunli o‘tayotgani, yoshlar uchun o‘zaro tanishuv va qizg‘in muloqot maydoniga aylanganini ta’qidladi.

– bugungi forum tizim yoshlarini bir maqsadga birlashtirganidan juda xursandman. Ular orasida muhandis va energetiklar, dispetcher va AKT mutaxassislari, tarmoq kuzatuvchilari, gaz quvuri payvandchilari, hisobchilar, GRS operatorlari, texnologlar kabi o‘nlab kasb egalari bor. Ularning barchasi mamlakatimizdagi yirik va muhim tarmoq magistral gaz quvurlari tizimi va uning tarkibiga kiruvchi muhandislik inshootlarida xizmat ko‘rsatadi. Bu yoshlar sohadagi muhim ahamiyatga ega lavozimlarda mehnat qilib, tarmoq rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda, – dedi u.

Forum dasturi ikki kunga mo‘ljallangan bo‘lib, u rang-barang tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Tizim yoshlarining “O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisi bilan bevosita suhbati, “Shaxsiy rivojlanish” va "Liderlik psixologiyasi" mavzularida treninglar, “Zakovat” intellektual o‘yini, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat kabi tadbirlar shular jumlasidandir.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA

Возврат к списку