Kuz-qishga puxta tayyorgarlik ishonchlilikni ta’minlaydi
05.08.2024
JamiyatTanlashRo‘yxatdan Ayni kunlar magistral gaz quvurlari tarmog‘i xodimlari uchun mas’uliyatli davr. Zero, erta-indin kirib keladigan kuz-qish mavsumiga bugun astoydil tayyorgarlik ko‘rilmasa bo‘lmaydi.
"O‘ztransgaz" AJ tizimidagi gaz taqsimlash stansiyalarida bajarilayotgan ishlarga nazar tashlansa, qaysi hududlarning gaz ta’minotida ishonchlilik ta’minlanishiga oid ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
Hozir aksiyadorlik jamiyati tizimida 423 ta gaz taqsimlash va 41 ta gaz o‘lchash stansiyalari bor. Shu kunlarda ularning barchasida uskunalar taftishdan o‘tkazilib, nuqson aniqlanganlari almashtirilmoqda.
Ayrimlari kapital ta’mirlanib, yana boshqasi yangidan qurilyapti. Xususan, "Urganch" GTSda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Tadbir doirasida stansiyaga qo‘shimcha gaz tozalash uskunasi (filtr) o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Tadbir natijasida Urganch shahri aholisi va sanoat korxonalariga uzatilayotgan tabiiy gaz sifati yaxshilanadi.
"To‘rtko‘l" gaz taqsimlash stansiyasi yangidan qurilmoqda. Loyiha amalga oshirilishi bilan gaz taqsimlash stansiyasiga olib boruvchi magistral gaz quvurining himoya hududida qurilmalar sonini kamaytirishga erishiladi.
Shuningdek, bu aholining xavfsizligini ta’minlash choralarini nazarda tutganligi bilan ham ahamiyatli. Kuz-qish mavsumida gaz taqsimlash stansiyasi ish faoliyatining ishonchliligi ta’minlanishi esa yana bir jihat.
Navoiy viloyatidagi "Nurota", Samarqand viloyatidagi "Ishtixon" va "Yangiqo‘rg‘on" gaz taqsimlash stansiyalarida berkitish moslamalari almashtirildi.
Bu esa inshootlarda barqarorlik va ishonchlilikni ta’minlab, mazkur stansiyalardan tabiiy gaz bilan ta’minlanuvchi 33 ming 516 ta aholi xonadoni va 400 ga yaqin ulgurji iste’molchilar, shu jumladan, sanoat korxonalarining gaz ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
"Navoiy-1" gaz taqsimlash stansiyasi ham rekonstruksiya qilinyapti. Bu ishlar natijasida Navoiy shahri va Karmana tumani aholisi hamda yirik sanoat korxonalariga alohida tartibda gaz uzatish yo‘lga qo‘yiladi. Uzatilayotgan tabiiy gaz sifati ham yaxshilanadi.
Kuz-qishga tayyorgarlik doirasida Farg‘ona viloyatidagi "Dang‘ara-2" gaz taqsimlash stansiyasiga boruvchi gaz quvurining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
“So‘x-Namangan-Andijon” magistral gaz quvuriga ulangan ushbu stansiya 2016 yilda foydalanishga topshirilgan edi. O‘tgan yil kuz-qish mavsumida stansiya orqali Qo‘qon shahri hamda Buvayda va Dang‘ara tumanlarining gaz ta’minotida muammolar bo‘lgani sababli, “Dang‘ara-2” GTSga olib boruvchi quvurga qo‘shimcha parallel ravishda quvur tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbir natijasida 3372 ta xonadon va yuzlab ulgurji iste’molchilarning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Farida Tojiboyeva,
«O‘ztransgaz» AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi.
O‘zA