jins

Uztransgaz

15.10.2024

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi
 

“Urganchtransgaz” unitar korxonasi tizimida kuz-qishga tayyorgarlik ishlarining borishiga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.

Ma’lumki, “Urganchtransgaz” UK tarkibida 14 ta tashkilot bo‘lib, korxonaning asosiy vazifasi tabiiy gazni tashish va tranzit qilish, hamda, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilariga tabiiy gazni yetkazib berishdir. Hozirda korxona tizimidagi kompressor stansiyalarida 110 ta gaz agregatlari o‘rnatilgan.

Press-turda ishtirokchilari dastlab “Urganch” gaz taqsimlash stansiyasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari va stansiyaga keltiruvchi quvurning almashtirilayotgani bilan tanishdi. Ushbu stansiyasi orqali Urganch shahar aholisi va ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz uzatiladi. Stansiyaning o‘tkazuvchanlik quvvati va gaz uzatish sifatini yaxshilash maqsadida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Tadbir davomida stansiyaga 2 ta gaz tozalash qurilmasi o‘rnatildi. Stansiyaga keluvchi 600 metr uzunlikdagi diametri 530 mm bo‘lgan gaz quvuri 720 mm bo‘lgan quvur bilan almashtirilmoqda. Bu esa hudud iste’molchilarining tabiiy gaz ta’minoti hajmini oshirish va sifatini yaxshilashga imkon beradi.  

Tadbir ishtirokchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida ham bo‘ldi. Ma’lumki, “To‘rtko‘l” gaz taqsimlash stansiyasi aholi punktiga yaqin joylashgani sabab hududda yashovchilarga xavf tug‘diradi. Shu kunlarda stansiyani aholi uylaridan uzoqroqqa ko‘chirish loyihasi yakunlandi. Buning natijada stansiya orqali tabiiy gaz uzatish sifati va samaradorligi ortadi. Stansiyaga zamonaviy qurilmalar va ishchi xodimlar uchun shart-sharoitlar yaratildi. Bu tadbir to‘rtko‘lliklar uchun tabiiy gaz ta’minotini yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

1980 yilda qurilgan eski stansiyaning o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 40 ming metr kubni tashkil qilardi. Yangi stansiyada esa ko‘rsatgich 60 ming metr kubni tashkil qiladi.   Shuningdek, avvalgi stansiyagacha keltiruvchi yuqori bosimli quvurning muhofaza maydonida 130 dan ziyod qurilmalar, potensial xavfli zonada edi. Stansiyaning ko‘chirilishi atrofdagi xavfni bartaraf etishga ham imkon yaratdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA.


Возврат к списку