“...Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli ....
06.02.2020
“...Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”
(O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatidan.)
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha boshlangan o‘quv-mashg‘ulotlarida mamlakatimiz rahbarining chiqishlarida ta’kidlangan jihatlarni inobatga olgan holda tuzilgan dastur asosida ta’lim berilmoqda.“Urganchtransgaz” unitar korxonasi O‘quv-sog‘lomlashtirish markazida o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulotlarga 2020 yilning 6 oyi davomida 930 nafarga yaqin ishchi xodim yuborilishi mo‘ljallangan bo‘lib, 3-8 fevral kunlari dastlabki guruh uchun davom etayotgan mashg‘ulotlarda tizim korxonalaridagi Gaz taqsimlash stansiyalarining 62 nafar operatori malaka oshirmoqda.
Olib borilayotgan mashg‘ulotlarining maqsadi – bugungi zamon talablarni yurakdan xis qilish, yangi me’yoriy hujjatlarni o‘zlashtirish, tizimga kiritilayotgan yangi texnologiyalardan xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan. O‘quv dasturida mutaxassislik bo‘yicha: Magistral gaz quvurlari tizimi, uning asosiy inshoatlari, gaz bosimini muvofiqlashtiruvchi stansiyalarda ishlash, regulyatorlarning turlari va ishlash prinsiplari, nazorat-o‘lchov jihozlari, avtomatika va signalizatsiyalar, mehnat muhofazasi, joriy etilayotgan yangi texnologik uskunalar bilan ishlash kabi - kasbning sir-asrorlari haqida bilim berilmoqda. Seminarlar davomida ilg‘or tajribalar asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
O‘quv mashg‘ulotlarida “O‘ztransgaz” AJ Personalni boshqarish departamenti boshlig‘i Shuhrat Boboev, bo‘lim boshlig‘i Xurshid Saxatovlar ishtirok etib, o‘tilayotgan darslarning belgilangan maqsad va vazifalarga qay darajada muvofiqligi bilan bevosita tanishmoqdalar. Kurslar yakunida xodimlarga imtihon natijalariga ko‘ra Sertifikatlar topshiriladi.
Mazkur o‘quv-seminar joriy yilning iyul oyiga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati