jins

Uztransgaz

18.11.2022

     Respublikamizning Davlat bayrog‘i – O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida" Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi bo‘lgan Davlat bayrog‘i –  xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘lib xizmat qiladi. Davlat bayrog‘i – bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston aʼzo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor bag‘ishlaydi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga  yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz va g‘ururlanamiz. 

     Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir. Respublikamiz davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning anʼanalarini o‘zida mujassamlashtirgan. Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. 

Возврат к списку