jins

Uztransgaz

09.04.2025


"Urganchtransgaz" UKda hamda "O‘ztransgaz" AJ tizimidagi boshqa tashkilotlarda Amir Temur tavalludiga bag‘ishlab ma'rifiy tadbirlar, turli bellashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda ta'kidlanganidek, Amir Temur o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi. Amir Temur 1336-yil, 9-aprelda Kesh shahri yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani)da tug‘ilgan va 1405-yil 18-fevral Xitoyga yurishi chog‘ida O‘tror shahrida vafot etgan.

Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizgacha, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar juda katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Shuningdek, Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoli-g‘arbda Quyi Volga, Don bo‘ylari; shimoli-sharqda Balxash ko‘li va Ili daryosigacha; janubi-sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlar bo‘ysundirildi. Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning "…davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim", degan so‘zlari buning yorqin dalilidir.

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Tarix bu ko‘hna dunyoda o‘tgan ko‘p jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning "Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim" degan so‘zlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfaxon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar.

Возврат к списку