jins

Uztransgaz

25.06.2025

Tadbirda Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlardagi 200 nafardan ortiq yoshlar, oliy ta’lim muassasalarining talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan tabrikladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda yoshlarning rolini oshirish, ularga imkoniyatlar, yaxshi sharoitlar yaratib berish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Sohalar rivojida yoshlarning o‘rni nihoyatda katta ekanligi qayd etildi.

Uchrashuvda tizimda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bugungi kunda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 100 mingdan ziyod, ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Shundan 14 ming 274 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlardan iborat. Ularning 234 nafari, shu jumladan 17 nafar xotin-qizlar rahbarlik, 2 ming 529 nafari mutaxassis lavozimlarida, 11 ming 511 nafari ishlab chiqarish korxonalarida mehnat faoliyatini yuritib kelmoqda. 2024-yilda 700 nafar mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga qabul qilingan bo‘lsa, 876 nafar yigit-qiz kollej va texnikumni tamomlab, ishga kirgani, yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishi kun sayin ortib borayotganini anglatadi.

Uchrashuvda yoshlar yoqilg‘i-energetika sohasida olib borayotgan ilmiy ishlari va tadqiqotlari, sohaga oid innovatsion g‘oyalar, turli muammolar hamda ularning yechimlari haqida so‘z yuritishdi, o‘zlarining qator takliflarini bildirdilar. Yangi loyihalar, xalqaro olimpiadalardagi ishtirok, sport komplekslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.


Возврат к списку