Faol yoshlar tashabbusi bilan Gazlilik xotin-qizlar huzurida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi
03.03.2020
Gazli Magistral gaz quvurlari boshqarmasi gaz transporti tizimidagi yirik korxonalardan biridir. Boshqarma jamoasida 200 nafarga yaqin xotin-qizlar ham mehnat qiladi. “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali bo‘limi mudiri B.Latipov ishtirokida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlandi. Unda “Sut bezi saratoni klinikasi, simptomlari, tekshirish usullari va profilaktikasi” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda aytilganidek, onkologik kasalliklar nafaqat respublikamizda, balki dunyo miqyosida murakkab muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ko‘krak bezi saratoni ayollarda eng ko‘p uchraydigan xavfli o‘sma kasalligi hisoblanib, 50 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar orasida keng tarqalgan. Oxirgi statistik ma’lumotlar esa sut bezi saratoni 30 yoshga to‘lmagan ayollar orasida ham aniqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra 2030 yilda butun dunyoda o‘sma xastaliklari bilan 15 million kishi kasallanishi mumkin. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, saraton kasalligini erta aniqlash va davolash, o‘lim xavfini kamaytiradi. Yurtimizda yiliga 20 mingdan ortiq bemorlarda onkologik xastalik aniqlanayotgani ham xushyorlikka undovchi ma’lumot bo‘lib, targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish zaruratini ko‘rsatadi. Gazlida o‘tkazilgan uchrashuv shu ma’noda ahamiyatga ega.
Shifokor taqdimotida kasallikning paydo bo‘lishiga olib keluvchi omillar va uning profilaktikasi haqida hayotiy misollar asosida batafsil to‘xtab o‘tildi. O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi tavsiyasiga ko‘ra, 40 va 50 yosh oralig‘idagi ayollar ikki yilda, 50 va undan katta yoshdagi ayollar har yili bir marotaba tegishli skrining tekshiruvidan o‘tishlari zarurligi uqtirildi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar hamda mutaxassislardan konsultativ maslahatlar oldilar.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati