Farg‘ona vodiysini qish mavsumida gaz bilan ta’minlashda muammo bo‘ladimi?
30.07.2022
Kogon KS-1 gaz kompressor stansiyasidagi ta’mirlash ishlari, “O‘ztransgaz” AJ debitorlik qarzi hamda “yangi” binosi xususida.
Ijtimoiy tarmoqda “bu yilgi qish mavsumida vodiy gaz bilan ta’minlanmasligi mumkinligi, boisi Buxoro viloyati Kogon tumanidagi gazkompressor stansiyasida avariya yuz berib yonib ketgani, shunga qaramay, bu holat Prezident va jamoatchilikdan yashirib kelinayotgani” iddao qilingan xabar paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, go‘yoki, gaz kompressor stansiyasida ta’mirlash ishlari boshlanmagan. Bu stansiya ta’mirlanib ishga tushmasa, vodiy bu yilgi kuz-qish mavsumini gazsiz o‘tkazishi mumkin.
Shu munosabat bilan “O‘ztransgaz” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi:
1. Buxoro viloyati, Kogon tumanidagi gazkompressor stansiyasida avariya yuz bergani haqida 2022 yil 11 iyunda aktsiyadorlik jamiyatining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida xabar berilgan. https://t.me/uztransgazaj_info/3214
2. Kuz-qish mavsumini vodiy viloyatlari gazsiz o‘tkazishi mumkinligi xususida shuni ta’kidlash mumkinki, vodiy viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish faqatgina Kogon gazkompressor stansiyasi faoliyatiga bog‘liq emas. “O‘ztransgaz” AJ biror gazkompressor stansiyasida avariya chiqqan taqdirda ham iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun zaxira tarmoqlardan foydalanadi. Bugungi kunda respublikada ikkita yerosti gaz saqlash omborlari mavjud. Ulardan biri Andijon viloyatidagi Xo‘jaobod yerosti gaz saqlash omboridir. Ushbu omborxonalar gaz iste’moli kamaygan yoz mavsumi chog‘ida to‘ldirib olinadi. Omborxonalarda to‘plangan gaz qish mavsumida iste’molchilarga yetkazib beriladi.

3. Bundan tashqari, 1964 yili ishga tushirilgan “Kogon KS-1” kompressor stansiyasi Navoiy viloyatidagi sanoat iste’molchilarini yetarli bosimdagi gaz bilan ta’minlab keladi. Shunga ko‘ra, uning ishlashi Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini gaz bilan ta’minlashga umuman ta’sir ko‘rsatmasligi bois, vodiy viloyatlarini gaz bilan ta’minlash imkoniyatiga ta’sir ko‘rsatishi haqidagi gap-so‘zlar asossizdir.

4. “Kogon KS-1” kompressor stansiyasini ta’mirlash ishlari xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda avariya ro‘y bergan joyda tozalash va uskunalarni demontaj ishlari yakunlangan. Mas’ul idoralar xulosasi olinib, yangi kompressor stansiyasini loyihalash ishlari boshlangan.

5. Navoiydagi iste’molchilarga zarur bosim va hajmlarda gaz yetkazib bera oladigan yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘ztransgaz” AJning katta miqdorda debitorlik qarzi* borligi hamda jamiyat Boshqaruv apparati o‘zi uchun yangi bino qurayotgani iddao qilingan xabarlar ham paydo bo‘ldi. Bu borada quyidagilarni ma’lum qilamiz:
“O‘ztransgaz” AJning respublika iste’molchilari uchun yetkazib berilgan tabiiy gaz bo‘yicha 2022 yilning 1 yanvar holatiga 14 123,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud edi. Ya’ni, 14 trln 123,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz iste’molchilarga yetkazib berilgan. Ammo yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun jamiyatga pul to‘lanmagan va debitorlik qarzi yil boshiga nisbatan jami 2 trln 062,9 mlrd so‘mga oshgan. Bunda asosiy qarzdorlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ (2 trln 508 mlrd so‘m qarz) hamda “Hududgazta’minot” AJ (2 trln 526,3 mlrd so‘m qarz) hisoblanadi. Ularning to‘lovchanlik qobiliyati o‘sha davrda 97 va 81% ni tashkil etgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, asosiy qarzdor korxonalar strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega korxonalar hisoblanganligi sababli “O‘ztransgaz” AJ ularga tabiiy gazni uzluksiz va bir maromda yetkazib berib kelmoqda.
2022 yil 1 iyul holatiga, iste’molchilarning qarzdorligi (debitor qarzdorlik) yil boshiga nisbatan 1 069,5 mlrd so‘mga kamayib 13 053,8 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, debitor qarzdorlardan pullarni undirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-fevraldagi 81-F farmoyishi bilan “O‘ztransgaz” AJ Boshqaruv apparati joylashgan Yusuf Xos Hojib ko‘chasidagi bino Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, “O‘zbekyengilsanoatloyiha” MChJ balansidagi 10 qavatli (erto‘lasi bilan) bino “O‘ztransgaz” AJga davlat ulushi sifatida berilgan. Bugungi kunda ushbu bino kapital ta’mirlandi.
*debitor qarz – iste’molchi yoki xaridorning mahsulot sotuvchi yoxud etkazib beruvchi tashkilotga to‘lashi zarur bo‘lgan, ammo to‘lamayotgan qarzdorlik bo‘lib, iste’molchi tashkilot zimmasida bo‘ladi.