G‘allaorol MGQBda kuz-qishga tayyorgarlik ishlari
Uztransgaz
22.07.2024
G‘allaorol MGQB respublikaning aksariyat isteʼmolchilarini tashkil qiluvchi Toshkent shahri va viloyati, vodiy viloyatlari hamda Sirdaryoni tabiiy gaz bilan taʼminlashda muhim o‘rin tutuvchi obyekt. Bu yerda shu kunlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari avjida. 1300 kilometrdan ortiq magistral gaz quvurlari, 60 ta gaz taqsimlash stansiyasiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqarmada bugungi kunda mavjud 4 ta chang tutqichlar soni 6 taga yetkazilyapti.
Magistral gaz quvurlaridan ozmi ko‘pmi xabari borlar mana bunday silindr shaklidagi qurilmalarni ko‘rgan hoynahoy. Fanda ular chang tutqichlar deb nomlanadi. Chang tutqichlar tabiiy gaz tarkibini nafaqat changlardan, balki turli xil chiqindilardan tozalaydi. Natijada tabiiy gaz sifati yaxshilanadi, o‘tkazuvchanlik ortadi. Bu hali hammasi emas. Chang tutqichlarining muammosiz ishlashi, kompressor stansiyalaridagi avariyaviy to‘xtab qolish holatining oldini oladi, shuningdek kompressor stansiyalarni uzoq muddat ekspluatatsiya qilish imkonini beradi.
Hozirda bu kabi tadbirlar nafaqat G‘allaorol, balki Zirabuloq, Gazli, Urganch magistral gaz quvurlari boshqarmalarida ham amalga oshirilmoqda.
Chang tutqichlar sonini oshirish tadbirlari doirasida nuqsonli deb topilgan 150 metr quvur ham almashtirilmoqda. Mazkur jarayonga 30 nafar mutaxassis, 10 ga yaqin texnikalar jalb qilingan. Taʼmirlash, payvandlash ishlari texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda olib borilmoqda. Ayni jarayonda har bir ishchi-xodim fidoyilik ko‘rsatmoqda. Issiq havoga qaramay, payvandchilar diamentri 1 metr keladigan katta-katta quvurlarning ichki(tashqi) yuzasini mahorat bilan payvanlamoqda.