Gaz yo‘q! Bu qanchalik haqiqat?
Uztransgaz
02.07.2022

Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, ayrim telegram kanallarda Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati tumanlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari – AGTKShda metan gaz yo‘qligi, odamlar va haydovchilar yozning jazirama chillasida navbatda qolib ketishga majbur bo‘layotgani iddao qilinmoqda.
“O‘ztransgaz” AJ shu munosabat bilan quyidagilarni bildiradi:
Birinchidan, O‘zbekistonda jami 1200 dan ortiq AGTKSh bo‘lib, shundan 350 tasini “O‘ztransgaz” AJ gaz bilan ta'minlaydi. Qolgan AGTKShlarga tabiiy gazni boshqa aktsiyadorlik jamiyati yetkazib beradi. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda aniq manzili ko‘rsatilmagani bois, aynan qaysi AGTKShlarda tabiiy gaz yo‘qligining sababini aniqlash imkoni bo‘lmadi.
Ikkinchidan, ma'lumki, turli AGTKShlarda avtomobillarga gaz quyish chog‘ida baxtsiz hodisalar ro‘y beradi. Kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida vakolatli idoralar bilan hamkorlikda turli AGTKShlarda o‘rganishlar olib borilmoqda. Iyun oyida o‘tkazilgan shunday tadbirlar chog‘ida ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalar faoliyatida kamchiliklar topilgani bois, ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ular nuqsonlarni bartaraf etgach, faoliyatini qayta boshlashga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, shunday tekshiruvlardan xabar topgan va faoliyatida noqonuniy holatlar bo‘lishi mumkinligidan xavotirlangan ayrim AGTKShlar ham vaqtincha faoliyatini o‘zlarining qarori bilan to‘xtatgan hamda ishlamasliklarini “gaz yo‘q”ligi, “O‘ztransgaz” gaz yetkazib bermayotgani bilan xaspo‘shlamoqda.
“O‘ztransgaz” AJ to‘liq mas'uliyat bilan shuni ta'kidlay oladiki, kompaniya ta'minotida faoliyat yurituvchi qolgan barcha shoxobchalarda tabiiy gaz – metan ta'minoti bilan muammo yo‘q. Ular o‘z ishini davom ettirmoqda. Shu bilan birga, AGTKShlarga gazni yetkazib berishdan kompaniya manfaatdor bo‘la turib, gaz yetkazib bermasligi mumkin emasligini har qanday inson yaxshi tushunadi.
Uchinchidan, iddaolar yoki sababsiz vajlar hamda turli kesatiq so‘zlarni keltirishdan avval, aynan qaysi tumandagi qaysi AGTKSh, ya'ni manzilini aniq ko‘rsatish bilan xolislik ta'minlangan bo‘lar edi. Shu bilan yuqoridagi holatlardan boshqa muammolar mavjud bo‘lsa, uning yechimiga hissa qo‘shilardi, zero xalq tashvishini aritish ikki tomonning ham oliy maqsadi emasmi?! Shunday ekan, tanganing ikki tomonini baravar ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, nazarimizda.