Hurmatli tadbirkorlar!
03.03.2020
So‘nggi paytlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish shaxobchalari uchun tabiiy gaz yetkazib berishdagi ayrim holatlarda tadbirkorlar va gaz ta’minoti korxonalari orasida mansabni suiste’mol qilish holatlari, korrupsion mexanizmalar vujudga kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 105-bandiga asosan yetkazib berilishi rejalashtirilgan tabiiy gaz miqdorlari hajmidan ortiqcha olingan gaz hajmlari uchun 1,4 oshirilgan koeffitsient to‘lamaslik maqsadida AGTKShlar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yishi, buning natijasida hududlarda transport vositalarining gaz shaxobchalarida tirbandlikni keltirib chiqarib, sotilayotgan siqilgan gaz narhini oshirilishi natijasida aholining haqli e’tirozlari ko‘payib bormoqda.
Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida hukumat tomonidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan “Neft-gaz tarmog‘i va gaztransport tizimining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar”ga bag‘ishlangan majlisida yuqorida aytib o‘tilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan mutasaddi tashkilot va idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
2020 yil 1 martdan boshlab “O‘ztransgaz” AJning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy filiallari tomonidan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori talablari, hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 fevraldagi bayonnomasiga asosan, AGTKShlar bilan ular tomonidan taqdim etiladigan tabiiy gaz buyurtmasiga ko‘ra 100 foiz miqdorida oldindan to‘lovlarni amalga oshirilishi, litsenziya shartlarini to‘liq bajarilishini ta’minlash shartlari bilan “Tabiiy gaz yetkazib berish va qabul qilish to‘g‘risida”gi shartnoma (yoki shartnomalarga qo‘shimcha kelishuv)lar o‘rnatilgan tartibda imzolanishini ma’lum qilamiz.
Agarda, gaz ta’minoti filiallari rahbarlari yoki mas’ul xodimlari tomonidan noqonuniy xatti-xarakatlar sezsangiz “O‘ztransgaz” AJning rasmiy veb-saytiga (utg@.uz info@utg.uz) yoki tegishli huquqni himoya qilish idoralariga xabar berishingizni so‘raymiz.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati