Jahon banki vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
14.02.2020
Ta’kidlash joizki, Jahon banki O‘zbekiston Respublikasi bilan iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini isloh qilish jarayonida yaqin va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 noyabrdagi 02/103-183-son topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda gaz tariflarining keng ko‘lamli islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Joriy yil 16-17 yanvar kunlari Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myullerning Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev, xukumat va parlament vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning milliy iqtisodiyotini isloh qilishda erishayotgan yutuqlari qayd etildi. Uchrashuvlar davomida Siril Myuller Jahon banki O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichini qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Jahon bankining energetika sohasi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Xusam Beydes boshchiligidagi delegatsiyaning 3-13 fevral kunlari Toshkentga amalga oshirgan tashrifi ham ana shu fikrning tasdig‘idir.
Tashrifining maqsadi – O‘zbekistonning gaz sektoridagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini va ish rejasini ishlab chiqishda texnik yordam ko‘rsatish, tabiiy gaz uchun tariflarni tartibga solish va gaz sohasida nazorat va ma’lumotlarni yig‘ishning (SCADA) dastlabki konsepsiyasini ishlab chiqishni va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (MSFO) o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar Respublikada tabiiy gaz va uni transport qilishda tarif siyosatini xorijda sinalgan ilg‘or hisoblash usullarini joriy etgan holda isloh qilish masalalari bo‘yicha ham so‘z yuritildi. Neft va gaz korxonalarining moliyaviy barqarorlikka erishishi tabiiy gaz uchun belgilanadigan yangi tarif rejasini o‘rnatishga bog‘liq ekanligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida Jahon banki mutaxassislari ishchi aloqalarini o‘rnatish va ma’lumot to‘plash maqsadida xukumat idoralari, xususan “O‘ztransgaz” AJ va strategik konsalting firmalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Dastlabki missiya yakunlariga ko‘ra, maslahatchilar qisqacha hisobot tayyorlaydilar. Unda aniqlangan natijalar, ish dasturiga kiritiladigan o‘zgartirishlar bo‘yicha tavsiyalar va topshiriq ijrosi davomida to‘siqlar haqidagi ma’lumotlar umumlashtiriladi.