Ko‘rinmas qotil ovga chiqdi. Ehtiyot bo‘ling!
13.12.2021
O‘zingizda kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, hushdan ketish darajasida holsizlik sezyapsizmi? Sizda is gazidan zaharlanish jarayoni kechayotgan bo‘lishi mumkin.
Kunlar sovishi bilan xonadonlarni isitishga talab ortadi. Xona derazalarini mahkam yopib gaz plitasi, suyuq yonilg‘ini qo‘shimcha isitish vositasiga aylantirasiz, dudburon tozalanganiga aniq ishonch hosil qilmasangizda qozonxona, ko‘mir yoki o‘tin pechlarni ishga tushirasiz. Sifati kafolatlanmagan qo‘lbola pechlardan foydalanasiz. Yashash hududingizning u yoki bu nuqtasida kimdir is gazidan zaharlangani va aksariyat hollarda halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni eshitsangizda hamon “bu kabi holatlar men bilan sodir bo‘lmaydi”,- degan fikrdasiz. Ammo xalqimiz tomonidan “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”,- deya aytilgan naqlni ham unutmasligimiz kerak.
Ko‘p bora eshitgan bo‘lsangizda, yana bir bor eslatmoqchimiz!
Is gazi (SO) – bu benzin, solyarka, mazut, tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin kabi har qanday uglerodli yonilg‘i to‘liq yonmaganida hosil bo‘ladigan gaz. Agar uning havodagi konsentratsiyasi 1,2%dan oshsa, inson 3 daqiqada halok bo‘lishi mumkin.
Is gazining xavfliligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. Rangsiz, hidsiz – kishi xonada is gazi borligini deyarli sezmaydi;
2. Kislorodga nisbatan 300 barobar tez va ko‘proq gemoglabinga birikadi. Shuning uchun ham, juda mahkam birikma – karboksigemoglobin hosil bo‘ladi. Is gazi tarkibidagi temir moddasi nafas olish fermentini parchalaydi. Oqibatda to‘qimalarning nafas olish faoliyati buziladi;
3. Har qanday tirqishdan sizib kira olishi mumkin;
Is gazidan zaharlanmaslik uchun qo‘yidagilarga rioya qiling:
1. Uyni gaz plitasi yordamida isitmang;
2. Isitish pechlarining sozligini tekshiring;
3. Deraza va ventilyatsiya tuynuklarini yopib tashlamang;
4. Qish mavsumi kirishidan avval dudburonlarni tozalang;
5. Xonadoningizga is gazini aniqlovchi qurilma o‘rnating;
Nohush holat yuzaga kelgan taqdirda zaharlangan kishini tezlik bilan toza havoga olib chiqish zarur.
Yuzaki nafas olishda yoki nafas olish to‘xtab qolganda sunʼiy nafas oldirish (bu tadbirni bemor mustaqil nafas olgunga qadar yoki ro‘yi-rost biologik o‘lim alomatlari paydo bo‘lgungacha davom ettiriladi).
Badanni ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish, qisqa vaqt nashatir spirtini hidlatish zaharlanish oqibatlarini tugatishga imkon beradi. Zaharlanib qolgan kishi zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi kerak.
Bemor hushida bo‘lsa, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi, issiq choy, qahva ichirish tavsiya etiladi.