Kun tartibida – gender tenglik masalalari
Uztransgaz
09.06.2025

Yurtimizda gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatining so‘lim go‘shasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan ayollarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish va gender strategiyasini amalda tatbiq qilish maqsadida uyushtirilgan xotin-qizlar forumi ham shular sirasiga kiradi. Anjuman dasturi qiziqarli suhbatlar, o‘zaro fikr almashishlar, bilimlar bellashuvi va sport musobaqalari kabi tadbirlarni o‘z ichiga oldi.

Suhbatlar davomida 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasiga ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Energetika vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, vazirliklarning tizim tashkilotlari hamda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashida gender siyosatini amalga oshirish bo‘yicha masʼul xodimlari qatnashgan forumda "O‘ztransgaz" AJ vakillari ham faol ishtirok etdilar. “Zakovat” bellashuvida vakillarimiz jamoasi kuchlilar sifatida eʼtirof etildi. Tadbir yakunlariga ko‘ra yuqori natija qayd etgan qatnashchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati tashkil etilganligining 120 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan forum xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini rag‘batlantirish, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish va huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi. Maʼnaviy-maʼrifiy, ko‘ngilochar tadbirlardan iborat anjuman – o‘ziga xos muloqot maydoni sifatida taassurotlarga boy va esda qolarli bo‘ldi.


