jins

Uztransgaz

10.08.2019

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshlang‘ich tashkiloti tomonidan tizim korxonalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha musobaqa o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi bayramiga bag‘ishlangan “O‘ZTRANSGAZ” KUBOGI - 2019” ning mamlakat bosqichi joriy yilning 10 avgust kuni Z.M. Bobur nomidagi Toshkent markaziy “Eko-bog‘i”da bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyatning hududiy filiallari va tashkilotlarida tuzilgan 28 jamoa ishtirokidagi saralash bosqichi g‘oliblari mutloq chempionlik uchun bahs olib borishga jam bo‘lishdi.

Tadbirning ochilish marosimida “O‘ztransgaz” AJ Boshqaruvi raisi U. Sayidov so‘zga chiqib ishtirokchilarni mazkur sport bayrami, Qurbon Xayiti va yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bayramlari bilan samimiy tabrikladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Yoshlarga oid davlat siyosati dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbir Jamiyat tizimida mehnat qilayotgan yoshlarning salomatliklarini mustahkamlash va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilganini ta’kidlar ekan, kelgusida bu kabi musobaqalar yanada keng qamrovda bo‘lishi uchun boshqaruv rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Bellashuvlarda jamoalarga muvaffaqiyat tiladi. Ijro etilgan musiqiy chiqish sportchilar kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

Saralash bosqichlarida Toshkent MGQB, Gazli MGQB, Farg‘ona MGQB, Toshkent shahar bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali, Sirdaryo viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali hamda “Urganchtransgaz” Unitar korxonasidan 6 ta jamoa Respublika bosqichi uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan edi. Ularning g‘oliblik uchun kurashi qiziqarli va murosasiz bellashuvlar asosida o‘tdi. O‘yinlarda jamoalarning har bir vakili ijobiy natija ko‘rsatish uchun bor mahoratini ishga soldilar. Lekin musobaqalarda kimdir g‘oliblik nashidasini surishi va kimdir mag‘lubiyatga bardosh berishiga to‘g‘ri kelishi tabiiy hol. Shunday bo‘lgach, bu gal ham sovrinli o‘rinlarning egalari aniqlandi.

Final musobaqasida “Urganchtransgaz” UK jamoasi Farg‘ona MGQB jamoasini 5:4 hisobida yenggib mutloq g‘olib ekanliklarini isbotladi. Yarim finalda Gazli MGQB jamoasidan ustun kelgan Toshkent shahar bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali o‘yinchilari kuchli uchlikdan joy oldilar. Shunday qilib;

1-o‘rinni Urganchtransgaz UK,

2-o‘rinni Farg‘ona MGQB,

3-o‘rinni Toshkent shahar HGTF jamoalari band etdilar.

O‘yinlarda shuningdek , “Eng yaxshi to‘purar” (Farg‘onalik - Eldor Sultonov), “Eng yaxshi o‘yinchi” (Xorazmlik - Hamdam Atajanov), “Eng yaxshi ximoyachi” (Buxorolik - Furqat Boltaev) hamda “Eng yaxshi darvozabon” (Toshkent shahridan Abzal Mirzamaxmudov) nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan bellashuvlar so‘nggida g‘olib va sovrindorlarga “O‘ztransgaz” AJ Kasaba uyushmalari qo‘mitasi tomonidan medallar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Turnirning ko‘chma kubogi - Urganchlik gazchilar jamoasida ketdi. Har bir jamoa o‘z oldiga kelgusi yildagi musobaqalarga tayyorgarlikni yanada kuchaytirishni maqsad qilib qo‘ydi. Bayramona osh tortilgan dasturxon atrofidagi dilkash suhbatlardan so‘ng turnir ishtirokchilari uylariga kuzatib qo‘yildi.

 “O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati

Возврат к списку