Murojaatlar doimiy e’tiborda
17.03.2020
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. “O‘ztransgaz” AJ rahbariyati tomonidan shu tamoyil asosida muntazam sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Qabul o‘tkazilishidan 1 xafta oldin korxonalarning kirish joylariga e’lon yozib, barchani xabardor qilish choralari ko‘rilyapti.
Gazli, Samarqand, Zirabuloq, Muborak va G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmalarida o‘tkazilgan qabullarda jami 57 nafar yurtdoshimizning murojaati tinglanib, ularni hal qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Murojaatlarning 28 tasida moddiy yordam so‘ralgan, 15 kishi uy joy masalasida ko‘makka muhtoj ekanligini aytsa, 7 kishi ishga joylashishni istashini bildirgan, 7 nafar murojaatchi boshqa masalalarga yechim so‘ragan.
Jamiyat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari J.Shamsiev tomonidan G‘allaorol MGQB hamda Yangier KS-3Bda o‘tkazilgan sayyor qabul ham shunday tadbirlarning biri bo‘ldi. Unda 11 nafar murojaatchi ishtirok etdi. 4 ta murojaatda uy-joy qurilishi va avtomashina olish uchun kam foizli kredit va oylik maoshi hisobidan pul mablag‘lari (avans) ajratilishi uchun amaliy yordam so‘raldi. 5 nafar murojaatchi ishga joylashish istagida ekan, yana boshqa murojaatda korxona ishchilari uchun dush va kiyinish xonasi, KS-3 binosining eshik va deraza romlarini yangilash, tokarlik sexi uchun rotor nagnetatellarini balansirovka qiluvchi stanok olishda amaliy yordam kerakligi aytildi. Korxona ishchilaridan biri singlisining diplomini “Hududgaz Jizzax” MChJdan olishga yordam so‘radi. Murojaatlar yuzasidan yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Qabuldan keyin o‘tkazilgan yig‘ilishda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan “Ijroiya apparati, MGQBlari, Gazni yer ostida saqlash inshootlari, AKT markazi, “Urgenchtransgaz” UK, “Transgazinjiniring” MChJ va “Qamchiq” KD xodimlarining ish haqi tarif setkasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruq-qarori qabul qilinganligi haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati