O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi – davlat mustaqilligining muhim ramzi
Uztransgaz
20.10.2025

O‘zbek tili turli rivojlanish bosqichlaridan o‘tib, milliy davlatchilikning poydevori sifatida shakllandi. O‘zbekiston hali mustaqillikka erishmay turib, 1989-yilning 21-oktabr kuni "O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida" Qonun qabul qilindi. Bu bilan o‘zbek tili mustaqil davlatning milliy g‘oya va manfaatlarini aks ettiruvchi yagona rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi. "O‘ztransgaz" AJda “Til — millat faxri” mavzusida tashkil etilgan ma'rifiy tadbir ana shu sanaga bag‘ishlandi. Ishchi-xodimlar bilan suhbatga filologiya fanlari nomzodi D.Rajabov taklif etildi. Mutaxassis mavzu yuzasidan o‘z so‘zida:

- Davlat tili maqomiga ega bo‘lgach, o‘zbek tilining rivojlanish surʼatlari sezilarli darajada ortganini ta'kidladi. Milliy tilimizni har qanday sharoitda qo‘llash, uni rivojlantirish va mustahkamlash imkoniyatlari kengaygan. Bu esa mustaqil davlatimizning milliy g‘oya va manfaatlarini ifoda etishda uning o‘rnini yanada oshirdi. Davlat tili maqomining qo‘lga kiritilishi mamlakatda milliy tilga bo‘lgan eʼtiborni yanada kuchaytirib, o‘zbek xalqining o‘z tiliga muhabbatini oshirdi. Bugungi kunda o‘zbek tili madaniy, maʼrifiy, iqtisodiy-siyosiy, harbiy, ilmiy-texnik va boshqa sohalarda faol qo‘llanilmoqda. O‘zbek tilining rivojlanish yo‘nalishlari ko‘p qirrali va keng ko‘lamda amalga oshirib kelinmoqda.

Aslida ham, mustaqillikdan keyingi davr mobaynida o‘zbek tili muhim rivojlanish bosqichlaridan o‘tdi. Bugungi kunda mustaqil O‘zbekistonning davlat tili sifatida mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida yetakchi o‘rin egallaydi. O‘zbek tilining maqomi mustahkamlanishi xalqimizning g‘oyaviy-mafkuraviy va maʼnaviy yuksalishiga, milliy o‘zligini anglashiga xizmat qilmoqda.