“O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisining bayram tabrigi
Uztransgaz
01.09.2022
Assalomu alaykum aziz hamkasblar !
Mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, erkin va farovon hayot qurish yo‘lini ko‘rsatib bergan, eng ulug‘, eng aziz ayyom - mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi bilan samimiy tabriklayman.Qadrli hamkasblar!
Xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlarga erishishda – erkin, demokratik davlat qurish, mamlakatimizni taraqqiy topgan mamlakatlar qatoriga ko‘tarish, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida zo‘r jasorat va shijoat bilan mehnat qilmoqda. Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi asosida, xalqimizga xos ezgu qadriyatlar bilan ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.Mamlakatimiz Prezidentining tashabbuslari hamda xalqimiz xohish istagi bilan biz, Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida mehnat qilmoqdamiz. Ushbu maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlarda Sizlar bilan bir safda mehnat qilayotganimdan mamnunman.
Hurmatli “O‘ztransgaz” ahil jamoasi!
Yaqinda, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotida taʼkidlanganidek, “ishlayman”, “o‘z salohiyatimni namoyon etaman”, degan hamyurtimiz uchun imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilib, imtiyoz va qulayliklar ko‘lami kengaytirilmoqda. Bu jarayonlarda, yaʼni yurtimizda tadbirkorlikni, sanoatni yana-da rivojlantirish va uning tez suratlarda taraqqiy etishini taʼminlashda biz – tabiiy gaz sanoati vakillariga ham katta ishonch bildirilmoqda. Bu masʼuliyatni, xalqimiz oldidagi muqaddas burchimizni chin dildan oqlashga va tizimni takomillashtirib, tabiiy gaz taʼminotini yana-da yaxshilash yo‘lidagi mehnatlaringizga omad tilayman. Katta, ishonch va g‘urur bilan aytamanki, biz ulug‘ xalq farzandlarimiz. Shu tabarruk va jonajon Vatanimizga mehru sadoqatimizni bildirib, bilim va tajribamizni, iqtidor va aqlu zakovatimizni namoyon etgan holda, Davlatimiz rahbari atrofida birlashamiz, ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishamiz.Butun jamoamiz ahlini, shijoatli va ilmli yoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayram - Mustaqillik kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Yurtimiz tinch, elimiz farovon bo‘lsin! Bayramingiz muborak!
“O‘ztransgaz” AJ Boshqaruv raisi B.Narmatov