“O‘ztransgaz” AJ - Germaniyaning “ILF Business Consult GmbH” kompaniyasi va Osiyo taraqqiyot banki bilan keng ko‘lamli “Gas master plan” loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
24.02.2020
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida Germaniyaning “ILF Business Consult GmbH” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada mazkur reja xususida so‘z bordi. “Gas master plan” – Gaz transport tizimining bosh rejasi (quyida GMP)ning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning gaz transporti infratuzilmasini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga qaratilgan. Bu esa mamlakatning gaz tarmog‘i salohiyatini, Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy energiya xavfsizligini barqaror rivojlantirish imkonini beradi va O‘zbekistonda Markaziy Osiyo xabini yaratish uchun asos bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha Osiyo taraqqiyot bankining grant mablag‘lari hisobidan, respublikaning gaz transport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlik asosida amalga oshirilmoqda.
GMP loyihasini amalga oshirishdan quyidagi natijalar kutilmoqda:
(I) mintaqaviy o‘rta muddatli (10 yilgacha) va uzoq muddatga mo‘ljallangan milliy (20 yil davomida) gazga bo‘ladigan talab va taklifni hamda uni tashish ssenariylarini tahlil qilish;
(II) ustuvor investitsiya loyihalarini kapital qo‘yilmalari ketma-ketligi bilan rejalashtirish va O‘zbekistonda gazni saqlash hamda tashish infratuzilmasining gidravlik tahlili asosida netbek tahlil qilish;
(III) ilg‘or xalqaro amaliyotga mos keladigan tegishli institutsional bazani yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va gaz sektori marketingini rivojlantirish orqali O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi energiya markaziga aylantirish;
(IV) qazib olish va qayta ishlashda xavfsizlik talablarini ta’minlaydigan gaz narxini (transport va saqlash tariflarini inobatga olgan holda) belgilash bo‘yicha tegishli siyosatni tavsiya qilish;
(V) tabiiy gaz sektorining atrof-muhitga ta’sirini tahlil qilish va ushbu ta’sirlarni kamaytirish uchun taklif qilingan investitsiyalarning ta’sirini (metan chiqindilarini va yo‘qotishlarni kamaytirish xisobiga O‘zbekistonning Parij bitimiga milliy darajada qo‘shgan qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratgan holda) tahlil qilish.
Loyiha doirasida neft va gaz, energetika sohalarining 7 yo‘nalishi bo‘yicha 9 nafar xorijlik va 3 nafar mahalliy mutaxassislar jalb etiladi.
Rejaning asosiy qismi sifatida, gaz sektorini rivojlantirishning alternativ ssenariylari va uning iqtisodiy natijalarini o‘rganishga bag‘ishlangan GMP modeli (GMPM) tayyorlanadi.