jins

Uztransgaz

04.01.2023

Ijtimoiy mediadagi ayrim blogerlar o‘z kanallarida “sukut saqlashning stavkasimi” degan savol bilan “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik jamiyati ma’lum bir summada ayrim internet saytlari va blogerlar bilan shartnoma tuzib, pul to‘lagani haqida postlar joyladi.

“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati ushbular yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Avvalo, ta’kidlash kerakki, “O‘ztransgaz” atsiyadorlik jamiyati davlat muassisligidagi mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida O‘zbekiston hamda xorijdagi istalgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bilan aholi va iste’molchilarning gazdan foydalanishga doir huquqiy bilimini oshirish maqsadida qonun doirasida hamkorlik qilishga, ularga pullik asosda xizmat ko‘rsatishi yoki ularning xizmati uchun kelishilgan summani to‘lashga va buni mustaqil tarzda amalga oshirishga haqli. 

Bevosita ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarga to‘xtalinsa, aslida blogerning “qahramonligi” “O‘ztransgaz” AJning davlat rahbariyati va hukumati tomonidan belgilab berilgan ochiqlik va shaffoflik siyosatining ijrosi natijasidir. Chunki, bloger tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar qandaydir maxfiy ma’lumotlar emas. Chunki, media xizmatlari ko‘rsatish uchun tuzilgan 5 ta shartnoma belgilangan elektron platformaga Jamiyatning mas’ul xodimlari tomonidan joylangan. Ushbu ma’lumotlar yoki shartnomalar bilan O‘zbekiston yoki xorijda bo‘lgan istalgan fuqaro tegishli qidiruv platformasi orqali tanishishi, yuklab olishi mumkin.

Shunday ekan, blogerning go‘yoki velosiped ixtiro qilgandek, “shartnomaning to‘liq nusxasi mavjud” deyishi biroz g‘alati. Tarqalgan xabardagi yana bir muhim jihat xususida. Unda bir blogerga 56,9 mln so‘m, ikkinchisiga 36,2 mln so‘m to‘langani ta’kidlangan. Shu o‘rinda, pul to‘langanini iddao qilgan bloger ma’lumotga aniqlik kiritmagan yoki shunchaki aniqlik kiritishni istamagan. Aks holda Jamiyat Axborot xizmatiga murojaat qilish kifoya edi.

Chunki, odatda, bu kabi shartnomalarda 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshirilmaydi, balki 15 foiz to‘lov amalga oshirilgach, har bir ko‘rsatilgan xizmat uchun alohida hisob-kitob qilinadi. So‘nggi maqola e’lon qilingach, yakuniy hisob-kitob qilinadi. Biz ko‘rib chiqayotgan holatda, shartnoma 21-dekabrda imzolangan va 15 foiz to‘lov amalga oshirilgan, biroq shartnoma bo‘yicha biror piar maqola qayd etilgan kanallarda e’lon qilinganicha yo‘q edi.

Qolaversa, 2022-yil mobaynida, ayniqsa, yilning so‘nggi choragida ham turli saytlar va kanallar, ijtimoiy media sahifalarida “O‘ztransgaz” AJ va umuman O‘zbekistondagi energiya resurslariga doir qator tanqidiy maqolalar e’lon qilindi. Aksar foydalanuvchilar bunga o‘zlari guvoh bo‘lishdi. Shunga ko‘ra, qaysidir sayt yoki kanalni yurituvchisi bilan pullik asosda maqolalar chiqarish uchun shartnomalar tuzish, sohani tanqid qilmasliklari uchun ularga “qandaydir to‘lov”ni anglatmaydi. Jamiyat ham bundan manfaatdor ham emas.  

Xo‘sh, “O‘ztransgaz” AJ nima uchun respublikadagi ayrim saytlar bilan bu kabi shartnomalar tuzdi, qanday zarurat bor edi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Javob oddiy. Maqsad O‘zbekiston energetika sohasining gaz qazib olish, uni transportirovka qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni keng omma e’tiboriga etkazishdir. Bundan ham muhimi, fuqarolar hamda turli tashkilotlarning bevosita magistral yoki ichki foydalanuvdagi gaz quvurlari muhofaza zonalarida biror bino-inshoot qurishlarining oldini olish maqsadida ularning huquqiy savodxonligini oshirish uchun hamkorlik qilish, gaz foydalanish yo‘riqnomalari, xavfsizlik texnikasiga doir bilimlarni keng ommaga havola qilishdan iboratdir.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, elektron ommaviy axborot vositalari ma’lumot tarqatishning eng qulay vositalariga aylanib ulgurgani sababli, respublikadagi katta sonli obunachi va o‘quvchisiga ega sayt va blogerlar bilan shartnomalar tuzildi. Ushbu shartnomalar doirasida 2022-yil 30-dekabrda quyidagi xabarlar turli saytlarda e’lon qilindi:

https://www.gazeta.uz/ru/2022/12/30/uztransgaz/

http://dy.uz/RMGKf

http://bugun.uz/184806

https://repost.uz/yangiyor-ahangaran

https://teznews.uz/30-12-2022/yangiyer-ohangaron

https://kapital.uz/stroitelstvo-gazoprovoda/

https://kun.uz/53688441

https://kun.uz/ru/96446463

Shunga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ bundan keyin ham o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident hamda hukumatning ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi qarorlari ijrosini ta’minlagan holda tashkil etadi. Biror mediya kompaniya bilan shartnoma tuzilsa, u ham belgilangan tartibda ochiq platformaga joylanadi.

“O‘ztransgaz” AJ, fursatdan foydalanib, o‘z faoliyatidagi kamchiliklarni ko‘rsatib bergan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi. Shu bilan birga, turli savollar va murojaatlar uchun har doim ochiqligini, ularni qiziqtirgan har qanday savolga qonun doirasida imkon qadar javob berishini ma’lum qiladi.

 Axborot xizmati:         712021060 (454-Tolib Rahmatov, 455-Farida Tojiboeva)

Murojaatlar bo‘limi:    712021060 (447-Surayyo Sidiqjanova)

Komplayens bo‘limi:   712021060 (397-Suhbatillo Mirzomo‘ydinov)

Возврат к списку