“O‘ztransgaz” AJ tizimi korxonalarida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda
26.03.2020
Shu kunlarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida mamlakatimizda keng qamrovda zaruriy chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Bularning barchasi yurtdoshlarimiz salomatliklarini muhofaza qilishga qaratilganligi, inson omili naqadar e’tiborda ekanligining ifodasidir.
“O‘ztransgaz” AJ korxonalarida sanitariya-epidemiologiya xodimlarini jalb etgan holda bino va inshoatlar dezinfeksiyalanayotgani, ishxonaga kirish chog‘ida xodimlarning tana xarorati o‘lchanib niqob tarqatilayotgani, ish joylarida antiseptik vositalar va boshqa sanitariya vositalari bilan ta’minlanayotgani shular jumlasidandir.
Zirabuloq Magistral gaz quvurlari boshqarmasida ishchilar uchun Narpay tumani sanitariya-epidemiologiya bo‘limi xodimlari tomonidan koronavirus haqidagi ma’lumotlar, undan ximoyalanish zarurati va vositalari to‘g‘risida tushuntirish tadbiri o‘tkazildi. Korxona binosidagi barcha xonalar dezinfeksiya qilindi. Ish vaqti boshlanishi paytida kirayotgan xodimlarga niqob tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Sohada ishlagan va hozir nafaqada bo‘lgan, shuningdek, korxona atrofidagi ijtimoiy ximoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Farg‘ona Magistral gaz quvurlari boshqarmasida ham koronavirusdan ximoyalanishga oid barcha talablarga rioya qilinmoqda. Korxona binosi va uning tasarrufidagi avtomobillar dezinfeksiyalanmoqda. Xodimlarning ishga kelish tartiblari imkon darajasida o‘zgartirildi.
“Urganchtrasgaz” UK tizimidagi korxonalarning barchasida inshoatlarni dezinfeksiyalash ishlari amalga oshirilyapti. Xodimlarning niqoblarda ishga kelishlari ta’minlanmoqda.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati