“O‘ztransgaz” AJda “Marubeni” korporatsiyasi vakillari bilan navbatdagi muzokaralar o‘tkazildi
24.01.2020
Respublikamiz Prezidentining 2019 yil 28 dekabrdagi "O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4553 sonli qaroriga muvofiq “O‘ztransgaz” AJ Yaponiyaning "Marubeni" kompaniyasi bilan hamkorlikdagi Memorandumda ko‘zda tutilgan keng qamrovli audit tadbirlari va “O‘zbekiston gaz transport tarmog‘ini - markaziy dispetcherlik xizmati, monitoring va gaz infratuzilmasi ob’ektlarining avtomatik boshqaruv tizimini joriy etgan holda modernizatsiyalash dasturi (SCADA)”ning II–bosqichi uchun texnik-iqtisodiy asosnomani ishlab chiqishni boshladi. “O‘ztransgaz” AJda “Marubeni” korporatsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi ishchi muzokarada memorandum yo‘l xaritasi va tarmoq jadvallari muhokama qilindi. Hozirgi kunga kelib, SCADA dasturining II–bosqichi doirasida “Marubeni” korporatsiyasi mutaxassislarining “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi kompressor stansiyalari va magistral gaz quvurlarida bajariladigan ishlar hajmi va tarkibini aniqlab, har tomonlama baholash uchun amalga oshiradigan tashrifi muddatlari haqida kelishuvga erishilgan. Shuningdek, ushbu hamkorlik davomida loyihaning II–bosqichini moliyalashtirish manbasini aniqlashda “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi” (JICA) va “Yaponiya xalqaro hamkorlik banki” (JBIC) kabi xalqaro institutlarning moliyalashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi. Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirishni jadallashtirishga oid amaliy takliflar ishlab chiqildi va yo‘l xaritasi belgilab olindi.