jins

Uztransgaz

12.02.2020

2.jpgO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi PQ-4067-sonli qaroriga muvofiq «O‘ztransgaz» AJ tomonidan Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va Osiyo Taraqqiyot banki bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasi gaz-transport tizimining gaz taqsimlash ob’ektlarida tabiiy gaz oqimlari monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) joriy etgan holda modernizatsiyalash dasturi» loyihasining I bosqichini amalga oshirish boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yil 13 noyabrda mintaqaviy loyihalar, birinchi navbatda transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama etiladigan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining Vazirlar darajasidagi konferensiyasida ishtirok etish uchun respublikamizga kelgan Osiyo Taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi ushbu bank delegatsiyasini qabul qildi.

Qayd etish kerakki, magistral gaz quvurlarining 50 foizdan ortig‘i 30 yildan ko‘proq  vaqt moboynida foydalanib kelinmoqda. Gaz haydash agregatlarining 45 foizdan ortig‘i ma’nan va jismonan eskirgan bo‘lib, ular almashtirilishi yoki ta’mirlanishi lozim. Respublikaning gaz uzatish tizimidagi falokatlarning oldini olish maqsadida ushbu loyiha «O‘ztransgaz» AJ uchun ustuvor vazifadir.

Loyihaning asosiy maqsadi tabiiy gaz transportini, eksporti va tranzitining barqaror va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, kompressor stansiyalarini modernizatsiyalash, gaz o‘tkazish quvurlarini diagnostika qilish, kapital ta’mirlash, ishlab turgan va qurilayotgan yangi gaz magistral quvurlarini o‘rnatilgan quvvatda ishlashini ta’minlashdan iborat.

Hozirgi vaqtda «O‘ztransgaz» AJ  OTB bilan faol hamkorlik qilmoqda, grant mablag‘lari hisobidan xorijlik maslahatchilarni jalb etgan holda loyihalar ustida ish olib bormoqda. Bugungi kunda jami jalb etilgan grant mablag‘lari hajmi 1 mln. dollardan ortdi.

Ma’lumot uchun:

«O‘ztransgaz» AJ faoliyatini takomillashtirish va korporativ transformatsiyalash» loyihasi bo‘yicha maslahatchi -Arild Dirset;

«O‘ztransgaz» AJ moliyaviy modelini yaratish bo‘yicha maslahatchi – Jeremi Xorenbi;

Kadrlarni tanlash va tayyorlash borasida xalqaro kadrlar siyosatini joriy etish bo‘yicha maslahatchi – Andre Kote;

«Xaridlar tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va joriy etish» loyihasi bo‘yicha maslahatchi – Zave Gumbert;

GTTni modernizatsiyalash loyihasini texnik baholash bo‘yicha maslahatchi - Toru Ito.

Shuningdek, gaz-transport tizimi gidravlik modelini ishlab chiqish va Markaziy Osiyo bozori uchun «Demand-Supply» modelini joriy etish uchun ILF Consulting (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasi bilan ish boshlab yuborildi.

«O‘ztransgaz» AJ  OTB maslahatchilari bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasi gaz-transport tizimining gaz taqsimlash ob’ektlarida tabiiy gaz oqimlari monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) joriy etgan holda modernizatsiyalash dasturi» loyihasi doirasida 2019 yil mobaynida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Audit bo‘yicha – OTB mustaqil maslahatchisi (Kevin Veller) tomonidan «O‘ztransgaz» AJ ob’ektlarining texnik holati baholandi;

Ishlab chiqish – «Mott MacDonald» mustaqil injenerlik-konsalting kompaniyasi tomonidan texnik-iqtisodiy asoslar va loyiha hujjatlari, «Mott MacDonald» va «O‘zlitineftegaz» AJ hamkorlikda tender hujjatlari ishlab chiqildi;

Baholash – xalqaro maslahatchilar yordami bilan atrof-muhitga ko‘rsatiladigan ta’sir, hamda maishiy (Andre Kote) va gender shartlari (Katlin Maklin) baholandi;

Road Show – potensial hamkorlar va manfaatdor kompaniyalar uchun keng miqyosli tadbir tashkil etildi;

Due Diligence tomonidan – 7 ta yo‘nalish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

OTB maslahatchilarining  joriy yil 3-8 fevral kunlari Toshkent shahriga  tashrifi doirasida loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi, loyihani qo‘shimcha yoritish, joriy savollar va loyihaning 1-bosqichini amalga oshirish uchun taklif etilayotgan kreditning keyingi bosqichlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Kelgusida “O‘ztransgaz” AJni shaffof va zamonaviy kompaniyaga aylantirish, hamda yuqori xalqaro korporativ reytingga ega bo‘lish maqsadida xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda faol ishlar olib borilmoqda.

Xarid tizimini Xalqaro moliya institutlarining mezonlariga mos tarzda takomillashtirish borasidagi ishlar jadal olib borilmoqda. Xususan, delegatsiya bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida xaridlar bo‘yicha ekspert Zave Gumbert OTB tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda qo‘llaniladigan xaridlar tizimi to‘g‘risida ma’ruza qildi. Qayd etish kerakki, OTB xalqaro xaridlar bo‘yicha katta tajribaga ega va ushbu tajriba ko‘plab mamlakatlarning “xaridlar to‘g‘risida”gi qonunida platforma sifatida qo‘llaniladi. O‘zbekistonda xaridlarni tartibga solish borasidagi qonunchilikda ham ulardan foydalanish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyiha gazta’minot sohasida muhim ijtimoiy muammoni, aniqroq aytganda, aholi va strategik ob’ektlarni tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi uzilishlarga olib keluvchi avariya xolatlarini bartaraf etadi. Uchrashuvda gazta’minot infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi kechikishlar – tabiiy  gazni barqaror va uzluksiz transport qilishda jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ham ta’kidlab o‘tildi.

“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati

Возврат к списку