jins

Uztransgaz

02.09.2019


1957 yilning bahori edi. Andijonning Qo‘rg‘ontepasi. 17 yoshlardagi o‘spirin choyxonda choy ichib o‘tirardi. Unga yaqin so‘ridagi yigitlar Qo‘qondagi Neft-gaz sohasiga mutaxassis tayyorlovchi texnikum haqida gaplashishadi. Suhbatni bexos eshitib qolgan Ne’matjonning esa o‘shanda - qaysi kasbni tanlasam, deb o‘ylanib turgan vaqti edi. Choyxonadagi mulohazalar sabab u Qo‘qondagi texnikumga o‘qishga boradi. Shu bir tasodifiy suhbat - gaz soxasi uchun uzoq yillar xizmat qiluvchi o‘z sohasining ustasi yetishib chiqishiga turtki bo‘lgan edi...

Hayotda odam 80 yoshdan o‘tgach, qanday bo‘lishini tasavvur qilamiz albatta. Odatda nuroniy, ko‘pchiligining sog‘lig‘idan shikoyati bor... Lekin hammaga birdek, ta’rif berish noo‘rin. Oramizda shunday kishilar borki, ulug‘ yoshda ham yurt koriga, sohaning rivojiga zarur va yoshlarga tayanch bo‘la oladilar. Hayotini sevimli kasbisiz tasavvur qilolmaydilar. Yaratgan qancha umr bergan bo‘lsa, bu vaqtni imkon qadar o‘zi mehnat qilgan tizim ishiga baxshida etadi. Andijonlik Ne’mat ustoz shunday odam.

“Tug‘ildim men - odam bo‘lay deb, El-yurtim dardiga malham bo‘lay deb”.

Bu satrlar Andijonlik Ne’mat ota Normatov qaerda ishlagan bo‘lsa, o‘sha yerda ko‘zga ko‘rinarli joyda osig‘liq turadi. Bu misralar otaning hayotiy falsafasi. Qariyb 60 yillik umrini gaz sanoati sohasiga bag‘ishlagan, bu inson gaztransporti tizimining tamal toshini qo‘yganlar qatorida bo‘lib, shu kasb sir-sinoatlarini shogirdlarga o‘rgatib, hozirda ham qimmatli maslahatlariyu, ko‘rsatmalari bilan “mehnat qilayotgan!” yurtdoshimizdir.

60 yil-a, aytishga oson. Shuncha vaqt ichida soxa xodimi tirik qomusga aylanib ketarkan. Bu davrda u nimalarga guvoh bo‘lmadi deysiz...

-Tarmoq tashkil etilgan yillarda SSSR Gaz sanoati vazirligi tasarrufidagi Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi deb nomlanardi , deya xotirlaydi Ne’mat ota.

- Xarbiy xizmatdan so‘ng, texnikumni imtiyozli tamomlayotgan paytim, Toshkentga gaz quvurlari o‘tkazilgan 1960-yillar. U yerga mutaxssis kerak. 1 gaz taqsimlash stansiyasiga 3 razryadli operator bo‘lib ishga qabul qilindim. 3 oydan keyin Buxoro gazi Toshkentga kelganida, Bekobodga qurilgan sementzavodga gaz berish kerak bo‘ldi. O‘sha yerga o‘tkazildim. Sement zavodni GRESi ishga tushirilgach, salkam bir yil davomida boshqa bolalarga ishni o‘rgatib yana Toshkentga qaytib keldim.

Bu orada ancha tajriba to‘plagan N.Normatov mutaxassislar orasida e’tiborga tushadi. Toshkentga qaytgach uni GRES va KIP avtomatikasi muxandisi lavozimiga o‘tkazishadi. O‘shanda Toshkentdagi boshqarma Yangiyo‘l magistral gaz quvurlari boshqarmasi deyilgan. Suhbatdoshimiz rahbarlar tavsiyasi bilan Moskvaga Gubkin nomidagi oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirib sirtdan o‘qishga kiradi. Orada O‘sh viloyatida qurilgan gaz o‘tkazgich tizimda ham ishlagan N.Normatov 70 yilda diplom ishini o‘sha tizim misolida yoqlaydi. Normatov endi “Transgaz”ning bosh muxandisi bo‘ldi. O‘sha paytda Moskvada Gaz sanoati vaziri Binkov degan odam edi. Muxandislik lavozimiga nomzodni shu vazir tasdiqlagan. Keyinroq tarmoqning eng murakkab nuqtalarida Ne’mat ota shogirdlari bilan uzoq yillar qattiq mehnat qildi. 2005 yilgacha qariyb 20 yillik faoliyat esa bevosita Toshkentda “O‘ztransgaz” Davlat birlashmasi boshqaruv idorasida kechdi. Ota o‘sha paytni shunday xotirlaydi;

-Shu vaqt oralig‘ida Rossiya,O‘zbekiston va Qirg‘izistonda qurilgan 5 ta yer ostida gaz saqlash omborlari qurilishida fidoyilar qatorida ishtirok etdik. O‘sha paytda O‘rta osiyo magistral gaz quvurlari bizga qarardi. Olmaotada, Frunzeda, Tojikistonda ham qurilishlar bo‘lganidi. Ishlab yurganimizda Buxoro bilann Qarshi o‘rtasida yangi juda katta kuchlanishga (500 atm.b) ega bo‘lgan kompressor stansiya qurildi. Bunday yirik quvvatga ega korxona SSSRda hali yo‘q edi. Ko‘kdumaloq neft qazib olish koniga ham kompressor stansiyasi qurildi. Bularda ham yugurib-yugurib ishlaganmiz...

Shuncha zahmatlar albatta besamar ketmagan. Zamondoshimiz mamlakat rahbariyati tomonidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” unvoni bilan taqdirlandi. Ne’mat otadan shogirdlari haqida so‘raymiz;

- Zabardast shogirdlarimdan biri A.Raimjonov, o‘lchov priborlari nazorati bo‘yicha sanoqli texnolog mutaxassislardan biri sanalgan Yu. Kolugin, O‘.A.Eshmurodov, kompressor stansiyalari va quduqlar bo‘yicha mutaxassis N.S.Naimov, gaz tarmoqlari bo‘yicha o‘z ishining ustasi B.S.Umarov. Bularning hammasi tizim rivojiga salmoqli xissa qo‘shgan mutaxassis edilar. Men bir narsadan haligacha afsusdamanki, bir ajoyib shogirdim Abduholiq Raimjonov ehtiyotsizlik va sharoit taqozosidan kelib chiqib hayotdan erta ko‘z yumib ketdi. U Qamchiq dovoni osha qurilgan gaz tarmog‘ida muxandis edi. Bir yili qish qattiq kelib Qamchiqdan o‘tgan quvurning ayrim nuqtalarida muammo paydo bo‘ladi va gaz o‘tishi sekinlashib qoladi. Uni bartaraf etish shart. Aks holda juda katta hudud ta’minotdan bebahra qoladi. Shunda Abduholiq yonida yordamchisi bilan tog‘ tomonga, o‘sha muammoli nuqtani qidirib ketadi. U joy aniqlanadi, muammo bartaraf etiladi. Yigitlar biroz tin olish maqsadida o‘tirganlarida Abduholiq yonboshlab mizg‘imoqchi bo‘ladi va muzlab qoladi. O‘shanda u oyog‘ida tufli bilan tasodifan toqqa chiqib ketgan ekan. Oxirati obod bo‘lsin uning. Shu holat haqiqiy fidoyilik bo‘lmay nima... Abduholiqning o‘g‘li Jahongir bugun ota izidan bordi. Chilangar bo‘lib bizda kompressor stansiyasida ishlaydi. Bizda deganim, Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash ombori. Bu yer qurilishidan jarayonning bevosita ishtirokchisi bo‘lganim uchun bu joyni “o‘zimniki” deyman...

- Mana bugungi kunda tarmoqni rivojlantirish masalasiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. O‘sha bir paytlar sizlar qaldirg‘ochlar sifatida Moskvaga borib ta’lim olgan Gubkin nomidagi oliy o‘quv yurtining Toshkentdagi filiali ishlay boshladi. Bu yerda ta’lim olgan yoshlar joylarga ishga borishmoqda. Ularga ish o‘rgatish, tarbiyalash qanday kechmoqda?

- Ha to‘g‘ri, o‘quv yurtlarining ochilishi bu juda katta gap. Ularda o‘qigan yoshlar Xo‘jaoboddagi korxonmizga ham kelishmoqda. Tasodifmi bu bilmadimu, kelayotgan yoshlarni maqtashimga hali erta. Qo‘llanmalar asosan rus tilida ekanligi va ularni hamma bitiruvchilar to‘la o‘zlashtirmaganliklari uchun shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapman. Yangi kelgan yoshlarni tarbiyalash uchun harakat qilamiz albatta. Kimgadir bir qo‘llanma berib, shu bilan yaxshilab tanish, 10 kundan keyin so‘rayman desam, o‘sha 10 kun o‘tganidan keyin, kitobni o‘zbekchasi yo‘qmi, degan gapini eshitib hafsalam pir bo‘ladi gohida. Shu savolni kitobni qo‘liga olgan zahoti ham aytish mumkin-ku..? Shu o‘rinda qo‘llanmalarni ham o‘zbekchalashtirish zrurati borligini inkor qilmaymiz. Yana bir narsa, sohani tanlashda yoshlar haqiqiy qiziqishlaridan kelib chiqib yo‘l tutishi kerak. Mutaxassislikni eplay olmaslikning sabablaridan biri- bitiruvchining kattalar aralashuvi bilan sohaga majburan kirib qolganligida. Yosh shogirdlarga bir tilagim, egallagan kasbni yaxshilab o‘rganishdan erinmaslik, tushunmagan narsalarini tortinmay so‘rashlari kerak. Darslar boshqa tilda o‘rgatiladigan o‘quv yurtlarida esa o‘sha tilni mukammal bilish qat’iy talab. Buni bo‘lajak mutaxassis o‘z vijdoniy burchi sifatida his qilishlari zarur.

N.Normatov bilan suhbatimiz ancha davom etdi. Uning mazmunini qisqaroq bayon qildik. Va shunday xulosaga keldikki, haqiqiy professionallarga xos izlanuvchanlik, mas’uliyat va qat’iylik kabi jihatlar bu insonda mujassam. Ularning shogirdlarga qo‘yayotgan talablarida ham shu kabilar nazarda tutiladi. Ne’mat Normatov hozir 84 yoshdalar. U kishiga tilagimiz esa mana bunday; Qadrli ustoz! Elga xizmat qilish baxti, Sizni tark etmasin!

“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati.

Возврат к списку