jins

Uztransgaz

30.12.2021


“Urganch” magistral gaz quvurlari boshqarmasi tarmoq ekspluatatsiya xizmatining 1-toifali muhandisi Otabek Turdiyev gazchilar sulolasining vakili. U magistral gaz quvurlari tizimidagi faoliyatini 2007 yilda o‘zi hozir ishlayotgan boshqarmada tarmoq quvur o‘tkazuvchi ishchi bo‘lib boshlagan edi. Keyinroq tarmoq ekspluatatsiya xizmati ustasi, 1-toifali muhandisi sifatida ish olib bordi. Sohaning sir-asrorlarini egallash barobarida muhim va zarur tadbirlarida bevosita ishtirok etib jamoadoshlar eʼtiboriga tushdi. Otabek aka 2019 yildan buyon tarmoq ekspluatatsiya xizmatining oliy toifali muhandisi. 

Ayni paytda olovli ishlarni amalga oshirishda masʼul va faol mutaxassis sifatida hurmat eʼtibor qozongan O.Turdiyevning sohadagi iqtidori va qobiliyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Uning otasi Sobir Turdiyev, akasi Davron Turdiyevlar ham gazchilik sir-asrorlarini mukammal biluvchi kishilardir. Sobir aka uzoq yillar shu tizimda masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan bo‘lsa, akasi bugun ham gazchilik ortidan halol rizq topib mehnat qilmoqda. Sulolaning uchinchi avlodi Sherzodbek ham ota izidan bordi. Bugun otasi bilan yonma-yon ishlab tarmoq quvur o‘tkazuvchiligini mukammal o‘zlashtirmoqda. 

Yangiariq tumanidan ishga qatnaydigan Otabek og‘aga manzilning uzoqligi bilinmaydi ham. Chunki u har kuni o‘zi sevgan ishiga, mehnat jamoasi safiga borib savobli va zarur ish jarayoniga sho‘ng‘iydi. Favqulodda holatlar, tabiiy gaz sizib chiqishi sodir bo‘lsa yoki rejadagi taʼmirlash ishlarining barchasida boshqarma rahbariyati Otabek og‘a singari o‘z ishining ustalariga yuzlanishadi. Muhandis esa o‘z o‘rnida, murakkab va o‘ta ehtiyotkorlikni talab qiladigan olovli ishlarni bajarish va quvurlarni mustahkam qilib payvandlashga hamisha bosh-qosh bo‘lib turadi. 

Yangi yil arafasida aytar so‘zimiz: Otabek og‘a kabi fidoyilar, sizlarga ko‘z tegmasin. Masʼuliyat xissi, o‘z kasbiga sadoqat tuyg‘ulari tark etmasin!

Возврат к списку