jins

Uztransgaz

25.10.2020

“Oʼztransgaz” aktsiyadorlik jamiyati tizimida ishlovchi mutaxassis va xodimlarning mehnat jarayoni oʼziga xos murakkab va masʼuliyatli. Har bir ishchi - xodim lavozim yoʼriqnomasiga qatʼiy amal qilishi, muntazam oʼqib-oʼrganishi va oʼz ustida ishlashi zarur. Jamiyat Personal bilan ishlash departamenti tomonidan belgilangan reja asosida xodimlar malakasini oshirib borish anʼana tusiga kirganligining boisi shunda.

 Jamiyat raisining “Oʼztransgaz” АJ tarkibiy tuzilmalaridagi gaz taqsimlash stantsiyalari operatorlarining malakasini oshirish toʼgʼrisida”gi buyrugʼiga koʼra joriy yilda “Urganchtransgaz” UK tarkibidagi Oʼquv sogʼlomlashtirish markazida jamiyat tizimidagi GTSlarda mehnat qilayotgan 929 nafar operatorning malakasini oshirish koʼzda tutilgan boʼlib, ayni paytgacha ularning 420 nafari kurslarda oʼqitildi. Hozirda navbatdagi guruh operatorlar uchun oʼquv kurslari davom ettirilmoqda.


 Malaka oshirishga yuborilgan xodimlardan mashgʼulotlar boshlanishidan avval va oʼqish yakunida imtixon olish tartibi yoʼlga qoʼyilgan. Kurs boshlanishi oldidan oʼtkazilgan test natijalarida xodimlarning bilim va koʼnikmalari 40-45%ni tashkil qilsa, oʼquv yakunida ushbu koʼrsatkichlarning qariyb 2 barobarga ortishi kuzatilmoqda.

 Oʼquv mashgʼulotlari davomida xodimlar tomonidan mazkur kurslar va umuman tizimni yaxshilash boʼyicha turli takliflar ham bildirilayotgani eʼtiborli. Xususan:

-har bir yoʼnalishdagi xodim uchun bajaradigan vazifasidan kelib chiqqan holda qoʼllanmalar ishlab chiqish;

-oʼquv kurslarini tez-tez tashkil qilish;

-ishlab chiqarishda tan jarohati olgan kishiga birinchi tibbiy yordam koʼrsatish boʼyicha mashgʼulotlar oʼtkazish;

-oʼrta-maxsus maʼlumotli xodimlarni oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim shakliga suhbat natijalari asosida oʼqishga qabul qilish boʼyicha tavsiyanomalar berishni yoʼlga qoʼyish kabi fikr-mulohazalar shular jumlasidandir. Bildirilgan fikrlarning asosli deb topilganlari esa kelgusi tadbirlarni rejalashtirishda inobatga olinadi.

 “Oʼztransgaz” АJ Matbuot xizmati

Возврат к списку