Samarqandda magistral gaz quvuri ta’mirlanmoqda
06.04.2020
Respublikamizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasining ijrosi va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida "O‘ztransgaz" AJ tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tabiiy gaz transportirovkasini yaxshilashga qaratilgan ta’mirlash ishlari shular jumlasidan.
Gaz quvurlarida mavjud nuqsonli uchastkalarni ta’mirlash maqsadida joriy yil mart oyida “BGR-TBA” Magistral gaz quvuri birinchi tarmog‘ining 105-121 kilometrlari orasidagi 16 km gaz quvuri ta’mirga chiqarildi. Ta’mir ishlarida Zirabuloq MGQB xodimlaridan iborat mehnat jamoasi astoydil mehnat qilishyapti. Jarayonda “Naqlgazmaxsusqurilish” AJning “Qarshigazta’mir” filialiga tegishli maxsus texnikalardan ham foydalanilmoqda. Hozirgi kungacha diametri 1020 mm bo‘lgan 300 p/metrga yaqin quvur almashtirildi.
“BGR-TBA” magistral gaz quvuri 1 tarmog‘ining 123 kilometrida joylashgan daryo ustidan o‘tuvchi qismida nosozlik aniqlangani sababli, 2020 yil 1 aprel kuni ushbu gaz quvurining 121-148 kilometri oralig‘idagi qismi ham to‘xtatilib, ta’mir ishlari boshlandi. Hozirgi kunda Zarafshon daryosining Oqdaryo irmog‘i ustidan (havo orqali) o‘tgan 190 metr qismida diametri 1020 mm bo‘lgan quvur almashtirilmoqda. Bu ishlarda “Buxorogazsanoatqurilish” AJ “Neftegazmontaj” MChJning 23 ta maxsus texnikasi va 60 nafarga yaqin ishchi-xodimlari jalb qilindi. Qurilish tashkilotlari tomonidan 6 aprelga qadar diametri 1020 mm bo‘lgan 151 p/metr quvur montaj qilindi. 5-D o‘lchamli burchakli otvod quvurlari montaj uchun tayyorlandi.
Magistral gaz quvurining ushbu uchastkalarida ta’mirlash ishlari o‘tkazilishi natijasida Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarining aholisi va sanoat korxonalarini tabiiy gaz bilan ta’minlash darajasi yaxshilanadi. Bu shuningdek, Respublikamiz gaz transporti tizimining ishonchligigiga xizmat qiladi.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati