Samarqandda respublika seminari bo‘lib o‘tdi
Uztransgaz
17.03.2023

Samarqand magistral gaz quvurlari boshqarmasida Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi bo‘yicha batafsil tushuntirish berishga bag‘ishlangan Respublika seminar-mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Murojaatlar bo‘yicha masʼul bo‘lgan xodimlar, uchun tashkil etilgan tadbirga Adliya Vazirligi hamda “Uzinfocom” vakillari taklif etildi.

Maʼlumki, 2022-yil 7-sentyabrdan Murojaat.gov.uz platformasi ishga tushirildi. Bu bilan aholiga - mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish imkoni yaratildi. Murojaat.gov.uz platformasining yana bir qulayligi – Prezident Xalq qabulxonalari uchun qo‘shimcha ravishda statistik hisobotlarni shakllantirish tizimi takomillashtirilgani, statistik va tahliliy axborotdan foydalanish imkoniyatini boshqarish funksiyalari yaratilgani bilan bog‘liq. Jumladan, bu bilan murojaatlar klassifikatorini yuritish funksiyalari takomillashtirildi. Murojaatlar klassifikatorlarining mavzuli birliklarini (yo‘nalish, masala, tasnif) va ularning o‘zaro bog‘liqligini, birining ikkinchisiga mansubligini tahrirlash, birlashtirish, ko‘chirish imkoniyatlari yaratildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida Yagona onlayn platformada:
– murojaatlar endi davlat idoralarining eng quyi tizimlari tomonidan ham ro‘yxatga olinib, tahlil qilinadi;
– tashkilot veb-sayti, pochta aloqasi, ishonch telefoni, sayyor qabul va rahbar qabuliga kelgan fuqaro murojaatlarini ro‘yxatga olish orqali yagona baza shakllantiriladi;
– statistik hisobotlarni shakllantirish yana-da takomillashtiriladi;
– yuqori turuvchi instansiyalar tomonidan barcha davlat organlari kesimida murojaatlarni ko‘rib chiqish va «raqamli nazorat» olib borish imkoniyati paydo bo‘ladi;
– har bir bosqichda murojaatni ko‘rib chiqish holati bo‘yicha fuqaroni xabardor qilib borish mexanizmi ishga tushadi;
– davlat organlari va tashkilotlarning murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha reytingi shakllantirilib, ommaviy shaklda yoritib boriladi.
Yagona onlayn platformaga kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida aholi va tadbirkorlik subyektlarining eng dolzarb muammolari ro‘yxati tuzilib, ushbu muammolar yuzaga kelishi sabab bo‘layotgan sohalar o‘rganiladi. Mazkur tarmoqlarga tegishli davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish yoki ularni yana-da soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Muxtasar aytganda, davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi – murojaat.gov.uz portali eng avvalo aholiga mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat etish, Xalq qabulxonasiga kelib, viloyat va respublika idora-tashkilotlari rahbarlari bilan videomuloqot qilish, hududiy masalalarni – hudud, respublika darajasidagi masalalarni respublika miqyosida ko‘rib chiqib, hal qilish imkonini yaratadi. Bu bilan shu paytgacha Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan boshqa davlat organlari-yu tashkilotlarga yuborilgan murojaatlar yagona onlayn platformaga birlashtiriladi, ularning ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish, mahallalarni islohot markaziga aylantirish imkoni yaratiladi.