So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati hamda rahbariyatiga nisbatan turli asossiz va uydirmalardan iborat xabarlar tarqalmoqda
02.08.2022

Ushbu xabarlar yolg‘on va biror asosga ega emasligi haqida berilayotgan munosabatlarga ham shubhalar bildirilyapti. Haqiqatdan yiroq bo‘lgan xabarlardan boshlangan axboriy manipulyatsiya, keyinchalik, jinoyat ishi ochish to‘g‘risidagi bekor qilingan qaror nusxasini oshkor qilishgacha borib yetdi.
Bu bilan nafaqat aksiyadorlik jamiyatining ko‘p ming sonli jamoasi, balki davlat oliy rahbariyati tomonidan energetika, xususan, tabiiy gaz bozorini liberallashtirish orqali sohaga bozor munosabatlarini joriy qilish, raqamlashtirish vositasida sohanining shaffofligini ta’minlash, gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish orqali iqtisodiyot va aholiga uzluksiz ravishda tabiiy gaz yetkazib berish borasida olib borayotgan sayi-harakatlariga nisbatan xalq orasida shubha-gumonlar paydo bo‘lishiga, yolg‘on ma’lumotlarning keng jamoatchilik tomonidan jiddiy qabul qilinishiga sabab yaratilmoqda.
Ta’kidlash lozim, har bir narsada xolis bo‘lish faqatgina jurnalist yoki mansabdor zimmasidagi majburiyat emas. Har kim, u fuqaro yoki bloger bo‘ladimi, xolis bo‘lish talabi O‘zbekistonning OAV hamda axborot olish va tarqatishga doir qonunchilik me’yorlaridan biridir.
Afsuski, ayrim parda ostiga yashiringanlardan tashqari, respublikada yaxshi tanish, hurmatli blogerlarning ma’lumotlarni jiddiy o‘rganmasligi, ikkinchi tomon fikrini inobatga olmasligi, yoki u taqdim etgan ma’lumotga qasddan ko‘z yumish holatlari uchramoqda va bu holat so‘nggi kunlarda ancha kuchaydi.
O‘z o‘rnida, “O‘ztransgaz” AJ O‘zbekistondagi barcha OAV va blogerlarga shuni ma’lum qiladiki, jamiyat har qanday savollarga qonunda belgilangan tartibda javob berishga tayyor va ochiqdir.
Shuning barobarida, O‘zbekiston huquqiy, demokratik davlat. Uning mediamakonida vujudga keladigan turli xil anglashilmovchiliklar, nizo va kelishmovchiliklar ma’muriy-huquqiy va sud tartibida hal etilishini, amaldagi Jinoyat kodeksida esa, haqorat, tuhmat va yolg‘on ma’lumot tarqatish bilan bog‘liq moddalar ham aks etganini eslatib o‘tmoqchimiz.
Albatta, bayonotning oxirgi qismi yana shov-shuvlarga, keng muhokamalarga sabab bo‘lishi, kimdir uni o‘zi anglaganicha va tushunganicha talqin qilishi, blogerga tahdid yoki ochiqlikka zid, deb baholashi mumkin. Ammo, har qanday huquqiy davlatda har bir so‘zning mas’uliyati borligini yana bir bor eslatib qo‘yish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan “O‘ztransgaz” AJ haqida turli bo‘hton va asossiz, yolg‘on xabarlarni tarqatgan blogerlar o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida raddiya berishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aks holda, ular tarqatgan har bir axborotini sud tartibida isbotlashi kerak bo‘ladi. VIDEO