Soliq tizimidagi islohotlar - amaliyotga
17.01.2020
Prezidentimiz Sh. Mirziyoev tomonidan 2019 yil 30 dekabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilindi va 2020 yil 1 yanvaridan joriy etildi. Ushbu kodeks soliq qonunchiligi normalarini qo‘llashni imkon qadar soddalashtirishga ko‘maklashadi.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Moliya vazirligi va Davlat Soliq qo‘mitasi mutaxassislarini jalb etgan holda seminar tashkil etdi. Bundan ko‘zlangan maqsad jamiyat tizimidagi xodimlarni yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmuni va mohiyati bilan yaqindan tanishtirish. Seminarda ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi mazkur xujjat soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kodeksda mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy ishlashi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladigan normalar o‘z aksini topdi. Bundan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchi soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishiga erishishdir. Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda yangi soliq tizimi tenglik, soddalik, aniqlik hamda samaradorlik kabi prinsiplarga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
Kodeks qabul qilinishi bilan soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga joriy etildi. Coliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi, soliq organlari tomonidan tekshiruvlar faqat Kodeksda nazarda tutilgan va ularni o‘tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan keyin o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Soliq organlarining ortiqcha to‘langan yoki undirilgan soliqlarni o‘z vaqtida qaytarish uchun javobgarligi kuchaytirildi. Shuningdek, soliqdan qarzi mavjud korxonalar qarzdorligini – debitor korxonalardan undirish tartibi to‘xtatildi.
Yangi kodeksda “O‘ztransgaz” AJ faoliyatiga aloqador yangiliklar ham ko‘p. Xususan, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq magistral quvurlar va ularning texnologik inshootlari uchun ilgari berilgan imtiyoz o‘rniga 0,2 % soliq stavkasi belgilandi hamda to‘liq amortizatsiya qilingan binolarga har uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan qayta baholangan (bozor) qiymatidan kelib chiqib mol-mulk solig‘i hisoblanishi joriy qilindi.
Yangi dasturga ko‘ra soliq to‘lovchining mavjud talablarga javob berishiga qarab - yashil, sariq yoki qizil maqom bilan belgilanishi, har bir hududiy bo‘linmaning alohida soliq to‘lovchi bo‘lishiga barham berilib, jamiyat boshqaruvi barcha hududiy bo‘linmalar uchun yagona markazlashgan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kabilar–joriy etilgan yangi tartiblardir. Tadbirda ishtirokchilar Yangi tahrirdagi kodeksning joriy etilishi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Seminarlarni kelgusida ham davom ettirish taklifi bildirildi.