Ta’minotni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda
23.01.2020
O‘zA saytida “O‘ztransgaz” mutasaddilari diqqatiga: gaz limit bo‘yicha beriladimi yoki ehtiyojga qarabmi?”, “Samarqanddagi metan zapravkalarida yana turnaqator navbat” sarlavhali maqolalar shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi AGTKShlarda yana navbatlar yuzaga kelayotgani haqida xabar e’lon qilindi. Maqolalarda Samarqand shahrida keyingi kunlarda gaz bosmining pasayib ketgani, “Hududgaz Samarqand” MChJ Samarqand shahar filiali rahbarining – Samarqand o‘z ehtiyojiga nisbatan 50 %dan ham kam gaz olayotgani haqidagi fikri va metan zapravkalarda qator navbatlar paydo bo‘lganiga oid holatlar keltirilgan.
Ularda keltirilgan muammolarga munosabat sifatida mavjud qonuniy asoslar, mutaxassislar fikri va tahliliy ma’lumotlarga tayangan holda aytish mumkinki:
Amaldagi me’yoriy xujjatlarga ko‘ra, har bir yil uchun belgilanadigan tabiiy gaz hajmlari iste’molchilarning buyurtmalari asosida shakllantirilib, tegishli vazirlik hamda idoralar bilan kelishilgan holda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Belgilangan miqdorlar “O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan yetkazib beriladi.
Aholi iste’molchilarining tabiiy gaz iste’moli va to‘lovi hisobi yuritiladigan “Billing gaz” dasturidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilda Samarqand viloyatidagi mavjud 281 502 ta aholi iste’molchilariga 763,8 mln. kub metr (har biriga o‘rtacha 3 014 kub.m dan, rejaga nisbatan 111,1 %) tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Bugungi kunda, aholi, strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, kuz-qish davrida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan iste’molchilarni gaz tarmog‘idan ajratilganligini o‘rganish maqsadida Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” AJning ishchi guruhlari viloyatlarda faoliyat olib bormoqda. Samarqand viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda hududiy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan gaz tarmog‘idan ajratilgan kafolatlanmagan iste’molchilarning noqonuniy tarzda gaz tarmog‘iga qayta ulanganlik holatlari aniqlanmoqda.
Joriy yilning 3 yanvaridan 20 yanvariga qadar “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan respublikamiz hududlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida 5,1 mlrd. so‘mlik gazni talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Bunday iste’molchilarga belgilangan tartibda tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilinib, qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga hujjatlar taqdim etilmoqda.
Maqolada - Viloyat va shahar hokimliklari, ”Hududgaz Samarqand” MChJ tomonidan eskirib qolgan tarmoq va inshoatlarni yangilash uchun o‘tgan yili 76 milliard so‘m ajratildi, degan ma’lumot keltirilgan. To‘g‘ri, Samarqand shahri va uning atrofida yo‘llarni rekonstruksiyalash ishlari olib borildi. Bu ishlar bilan bir paytda o‘sha hududda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan ham gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Xususan, 60 km hajmda turli diametrdagi gaz quvurlar ko‘chirilib, yangilandi. Shu ishlar uchun 2019 yilda “O‘ztransgaz” AJ hisobidan qariyb 42,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda elektr energiyaning asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Tabiiy gaz birinchi navbatda aholi ehtiyoji, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha ob’ektlari uchun yetkazib beriladi. Mamlakatimizdagi yangi qurilishlar va iste’molchilar sonining ortayotgani sababli tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj muttasil oshmoqda.
Shulardan kelib chiqqan holda yurtimizdagi avtotransport egalari havo sovib ketgan vaqtlarda yuqorida keltirilgan sabablarni inobatga oladilar va vujudga kelgan vaziyatga tushungan holda munosabatda bo‘ladilar degan umiddamiz.
Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati