Tibbiy madaniyatni yuksaltirish- salomatlik garovi
05.02.2020
Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Mamlakatimizdagi tub o‘zgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qo‘yayotgani ta’kidlandi. Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit-qizlarimizning ma’naviy va ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish zarurati haqida to‘xtab o‘tildi. Sog‘lom turmush tarzi bu — har qanday kasallik profilaktikasi va salomatlik garovi. Insonning turli qirralarini rivojlantirish, muvaffaqiyatga erishish omilidir.
“O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti, Toshkent Kimyo-texnologiya instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va Radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish, yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Anjuman Toshkent Kimyo-texnologiya institutida o‘tkazildi va bu bejiz emas. Zero, mazkur institut gaz transporti sohasi uchun mutaxassislar yetkazib beruvchi, soha rivoji yo‘lida ilmiy izlanishlar olib boruvchi ilmiy muassasa sifatida “O‘ztransgaz” AJning yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi.
“Xalqaro saratonga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammo ekanligiga e’tibor qaratildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bunday kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Dunyoda har yili 16 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Bu juda katta ijtimoiy va global muammo. 2000 yildan buyon har yili 4 fevral sanasi – “Butun jahon saratonga qarshi kurash kuni” sifatida belgilanganligining boisi shunda.
“O‘ztransgaz” AJ yosh xodimlari, institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda RIA va RIATM bo‘lim boshlig‘i Kamol Iskandarov onkologiya bo‘yicha Respublikamizdagi holat, saratonning ko‘p uchrayotgan turlari va kasallik profilaktikasi haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, statistik ma’lumotlarga ko‘ra Respublikamizda 120 ming nafardan ortiq saratonga chalingan fuqarolar bor. 2019 yilda 23 ming nafardan ko‘proq kishida birlamchi saraton holati aniqlangan. Ko‘rsatkichlarning ortib borishi esa diagnostikaning rivojlangani va aholi sonining ortishi bilan izohlanmoqda.
Saraton profilaktikasi hamda davolash ishlarini rivojlantirish maqsadida Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2017 yil 4 aprelda “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaror qabul qilingan. Yo‘nalishdagi ishlar mazkur xujjat asosida tizimli ravishda olib borilmoqda.
Bugungi kunda aholining onkologik kasalliklar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, kasallik profilaktikasi va bemorlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish borasida muntazam izlanishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shifokorlarning malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborilayotgani ham bu borada muhim qadamlardir. Tadbirda shular haqida so‘z bordi, har bir fuqaro yiliga 2 marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarurligi eslatib o‘tildi.
Anjuman ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati