«Toshkent» magistral gaz quvurlari boshqarmasida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
19.02.2020
Ma’lumki, fevral oyida 2 nafar buyuk ajdodimizning tavallud kunlari nishonlanadi. Bu yil ham an’anaga ko‘ra shu munosabat bilan qator tadbirlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. “O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Toshkent” MGQB faol yoshlari tomonidan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalluddining 579 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlandi.
Buyuk so‘z san’atkorlari tarixning tub burilish nuqtalarida, millatni birlashtiruvchi, ruhan yuksaltiruvchi badiiy so‘zga kuchli ehtiyoj tug‘ilgan paytda dunyoga keladi. A.Navoiy shunday davrda – 1441 yilda Hirotda tug‘ildi, yashab ijod qildi va avlodlar uchun ulkan ma’naviy meros qoldirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pushkin o‘z asarlarida 21ming 197 ta betakror so‘z ishlatgan bo‘lsa, bu raqam Shekspirda salkam 20 mingtaga yaqinni tashkil etgan. Navoiy esa 1 million 378 ming 660ta betakror so‘zdan foydalangan. Buyuk bobomiz nafaqat turkiy, balki, fors, arab, urdu, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan...
Z.M. Bobur tarixda ulug‘ shoh, shoir, olim, tom ma’nodagi buyuk ijodkor bo‘lgan, jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir.1483 yilning 14 fevralida Umarshayx mirzo xonadonidadunyoga kelgan Zahiriddin Muhammad ismining ma’nosi “Muhammad (s.a.v.) dinining tayanchi” degan ma’noga ega. Otasidan erta ayrilgan Bobur 12 yoshida taxtga o‘tiradi. Umri suronli jangu-jadallarda o‘tgan shox va sarkarda o‘zga yurtda shoh bo‘lgandan o‘z yurtida fuqaro bo‘lib yashashgada orzumand bo‘lib o‘tdi. U san’at va adabiyotga mehr qo‘ygan, ijodkor sifatida o‘zidan boy adabiy me’ros qoldirdi. Birgina “Bobournoma” asarida ko‘plab yo‘nalishlarda mukammal ma’lumotlarni jamlay olgan.
Davlatqa yetib, mehnat elin unutma!
Bu besh kun uchun o‘zungni asru tutma!
Borg‘onni, kel emdi, yod qilmay, ey do‘st,
Borish-kelishingni lutf etib, o‘ksutma!
“Toshkent” Magistral gaz quvurlari tizimida bugungi kunda 100 nafarga yaqin yoshlar mehnat qilmoqda. Soha rivojiga munosib xissa qo‘shishga intilayotgan o‘t yurak yoshlar tadbirga astoydil tayyorgarlik bilan kelishdi. Buni ikki shoir ijodiga bog‘lab namoyish etilgan sahna ko‘rinishlaridan ham sezish mumkin edi.
Tadbirning keyingi qismida A.Navoiy va Z.M.Bobur hayoti va ijodiga oid savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Viktorina qismida esa yosh mutaxassislar guruhlarga bo‘lingan holda kasbiy yo‘nalishlariga oid savollardan tuzilgan krossvordlar yechish bo‘yicha o‘zaro kuch-sinashdilar.
G‘oliblar boshqarma tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qiziqarli va qizg‘in savol-javoblar ruxida o‘tgan tadbir yoshlar yodida anchagacha saqlanib qoladigan taassurotlarga boy bo‘ldi.