“Ugam” oromgohida Kasaba uyushmalari xodimlari uchun seminar o‘tkazildi
03.02.2020
“O‘ztransgaz” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda tizim korxonalarining Kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlari xodimlari ishtirok etdilar. Unda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2019 yil 6 dekabrda imzolangan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun haqida so‘z bordi. Qonunni ishlab chiqishda ishtirok etgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining mas’ul xodimlari me’yoriy hujjatning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ushbu Qonunning maqsadi - fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish shuningdek, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Ta’kidlanganidek, amalda bo‘lgan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilganiga 27 yil o‘tdi va undan keyin ko‘plab qonunlar kuchga kirdi. Qonunni ana shu hujjatlarga shuningdek, xalqaro normalarga implementatsiya qilish zarurati bevosita ushbu qonunga ham o‘zgartishlar kiritishni taqozo etdi. Yangi tahrirdagi 9ta bob va 56ta moddadan iborat qonun - ixtiyoriylik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish, teng huquqlilik, oshkoralik va ochiqlik kabi prinsiplarga asoslanadi. Joriy yilning 6 martidan kuchga kiradigan yangi qonunda milliy qonunchilik va moddiy xuquq umumlashtirildi. Seminarda xodimlar hujjat kuchga kirganidan keyin yo‘lga qo‘yiladigan yangi tartiblar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Tadbirda tizimdagi korxonalar boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarining 2019 yilgi faoliyati sarhisob qilindi, yangi yil rejalarining ijrosi xususan, 2020 yilda o‘tkaziladigan hisobot-saylov yig‘ilishlari bo‘yicha tavsiyalar berildi. 2019 yilda yaxshi natija ko‘rsatgan xodimlar taqdirlandi. Dastur davomidagi musiqiy daqiqalar yig‘ilganlar kayfiyatini ko‘tarib, anjuman bayramona ruhda davom etdi.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati