VIDEO-KONFERENTSIYA FORMАTIDА XАLQАRO DАVRА SUHBАTI BOʼLIB OʼTDI
25.10.2020
Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan Elektr energetika va gaz tarmoqlarini yanada isloh qilishga bagʼishlangan davra suhbati boʼlib oʼtdi. Tadbirda mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlarining, chet el konsalting kompaniyalarining vakillari va mustaqil ekspertlar ishtirok etdilar.

Xalqaro anjuman Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft-gaz tarmogʼining moliyaviy barqarorligini oshirish boʼyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda tashkil etildi. Tadbir avvalida taʼkidlanganidek, ushbu qaror ijrosi doirasida respublika iqtisodiyoti va aholisini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz korxonalarini moliyaviy sogʼlomlashtirish, shuningdek umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va ilgʼor xorijiy tajribalar asosida tarmoqda sogʼlom raqobat muhitini rivojlantirish boʼyicha qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspretlari tomonidan elektr energetika va tabiiy gaz tarmogʼini yanada isloh qilish boʼyicha tavsiyalari va “yoʼl xaritasi”ning loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, elektr energetika sohasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʼmagi asosida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining loyihasi hamda Jahon bankining texnik koʼmagida elektr tarmoqlariga ulanishni tartibga soluvchi yagona “Elektr tarmoqlari kodeksi”ning loyihasi ishlab chiqildi. Oʼtkazilayotgan tadbirdan maqsad yuqorida keltirilgan tavsiyalar va “yoʼl xaritasi”ni hamda normativ-xuquqiy hujjatlar loyihalarini atroflicha muhokama qilishga qaratildi.

Tadbir dasturidan “Oʼztransgaz” aktsiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Ulugʼbek Sayidovning taqdimoti boʼlib oʼtdi. Maʼruzada - bugungi kunda, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro hamkorlarning texnik koʼmagida mustaqil, xalqaro maslahatchilar va ekspertlar jalb etilgan holda keng koʼlamli oʼrganish va tahlillar asosida, shuningdek hamkorlikdagi saʼyi-harakatlar natijasida tabiiy gaz sektorining keyingi bosqichdagi islohotlarini amalga oshirish boʼyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilganligi hamda sohani yanada rivojlantirish, jahon hamjamiyatida Oʼzbekiston Respublikasining tabiiy gaz sektori oʼrnini mustahkamlash maqsadidagi keng qamrovli istiqbolli islohotlari boʼyicha “Yoʼl xaritasi” tayyorlangani haqida soʼz bordi.

Oʼzbekiston Respublikasi gaz sektoridagi mavjud biznes modelning mavjud muammolari, tabiiy gazni yetkazib berishning bugungi modeli, taklif etilayotgan bozor munosabatlarining koʼrinishi, islohotlarning asosiy maqsadlari va afzalliklari haqida batafsil toʼxtab oʼtildi. Davra suhbatida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida kontseptsiya ishlab chiqishga kelishib olindi.

“Oʼztransgaz” АJ Matbuot xizmati