Yoshlar akademiyasi vakillari – “O‘ztransgaz” aj yoshlari bilan uchrashdi
12.02.2020
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoevning har bir chiqishlarida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatlarini yuksaltirish, salomatliklarini mustahkamlash kabi masalalarga alohida to‘xtab o‘tiladi. 2020 yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshiriladigan tadbirlarda ham yoshlarning faol ishtiroki ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan “start up” loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xo‘jalik boshqaruvi organlari muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor tashriflarni tashkil etayotgani – bu boradagi ishlar ko‘lamidan darak beradi. “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida faol yoshlar bilan ana shunday sayyor uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev boshchiligidagi delegatsiyaning “O‘ztransgaz” AJdagi sayyor uchrashuvida bugungi kunda aniq va kreativ g‘oyalar, istiqbolli “start up”lar qo‘llab-quvvatlanishi uchun mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratilgani haqida so‘z bordi. “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi tomonidan yoshlarning ilg‘or tashabbuslarini rag‘batlantirish, ilmiy izlanishlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
“O‘ztransgaz” AJ Yoshlar ittifoqi faollari Innovatsion rivojlanish vazirligining Yoshlar akademiyasi bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi. Joriy yil mart oyida gaz transporti tizimi korxonalarida mehnat qilayotgan yoshlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yoshlar forumi”ga vazirlik vakillari taklif etildi. Zero, ushbu forumda Respublikamizning turli hududlarida mehnat qilayotgan yoshlarning ilg‘or g‘oyalari o‘rtaga tashlanadi va ishlab chiqarish uchun muhim deb topilgan loyihalar amaliyotga tatbiq etish maqsadida qo‘llab-quvvatlanadi.
“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati