jins

Uztransgaz

07.09.2020

0cb6da1eae1ff3c773511.jpg

     "Qoraqalpog‘iston" Magistral gaz quvurlari boshqarmasi (MGQB) mamlakatimiz gaz transport tizimidagi shimolda joylashgan eng chekka kompressor stansiyasi bo‘lib, “O‘ztransgaz” AJning tarkibiy bo‘linmasidir. “Qoraqalpog‘iston” MGQB Shaxpaxta konidan tabiiy gazni SAS-1,2,4, va Xiva-Beynau kabi magistral gaz quvurlari orqali transportirovka qilish, ularning hisobini yuritish, o‘ziga qarashli asosiy va yordamchi qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga o‘zi joylashgan hududdagi aholiga va O‘zbekiston Respublikasi chegarasini qo‘riqlovchi xarbiy tuzilmalarga suv, elektr va gaz ta’minotini ham amalga oshiradi.

     Boshqarmada rejalashtirilgan jadval asosida Magistral gaz quvurlaridan foydalanish bo‘yicha texnik qoidalar talablaridan kelib chiqqan holda “A” Kompressor sexi texnologik kommunikatsiyalarining navbatdagi gidrosinov ishlari amalga oshirildi. MGQB faoliyatida o‘ta muhim bo‘lgan bu tadbir kompressor stansiyasi sexining texnologik kommunikatsiyalarida ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan xavfli quvur yorilishlarini, tasodifiy halokatlarning oldini olishga va tizimni barqaror ishlashiga zamin yaratadi.  Gidrosinov ishlari “Urganchtransgaz” Unitar korxonasining tajribali muxandislari, payvandchilari, ta’mirchi chilangarlar, avtokranchi hamda ekskavatorchilardan iborat 40 nafardan ortiq ishchi-xodimlar, shuningdek, o‘nlab texnikalar safarbar qilingan holda amalga oshirildi. 

     Tadbir davomida “A” kompressor stansiyasi texnologik kommunikatsiyalarini asosiy gaz tarmog‘idan ajratish va to‘siq qo‘yish, sexning texnologik kommunikatsiyalarini suv bilan to‘ldirish va uning bosimini sinov bosimi bo‘lgan 68.7 kgs∕sm2 ko‘tarish kabi bir qancha murakkab ishlar amalga oshirildi. Sinov davomida diametri 159 va 530 mm bo‘lgan quvurlarda nuqsonlar aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf etish rejasi tuzilib, ehtiyot qismlar bilan ta’minlandi. Bu ishlarni amalga oshirishda mutaxassis va ishchi xodimlardan tashkil topgan guruh kechayu-kunduz mehnat qilib fidoyilik ko‘rsatgan holda muvaffaqiyatli yakunlashdi.

     Shu kunlarda “A” kompressor sexi magistral gaz tizimiga qayta ulangan bo‘lib, sexni gidrosinovdan keyingi zahiraga chiqarish bo‘yicha so‘nggi ishlar amalga oshirilmoqda. Sinov ishlari tufayli sexning keyingi gidrosinov muddati ya’ni 2028 yilgacha ishlash jarayonidagi xavfsiz va barqarorligiga ishonch hosil qilindi.

“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati

Возврат к списку