OAV biz haqimizda

Yangilangan sana: 05.03.2024 16:41:33




Prezidentimizdan minnatdorlik hissi xotin-qizlarimizni ruhlantirmoqda

Qaror va ijro

Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos olijanob xususiyatlardan biri. Shu bois O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash borasidagi ishlardan har qancha faxrlansak arziydi.

Mamlakatimiz sanoatining muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida ham xotin-qizlarimizning alohida o‘rni bor. Tizimda 8 ming 300 nafarga yaqin xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 825 nafari xotin-qizlardir. Ular orasida mexanik, muhandis, kran mashinisti, GTS operatori yoki dispetcherlik muhandisi hamda 20 nafari rahbarlik lavozimidadir.

Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi qarori bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Shuni inobatga olgan holda jamiyatimizda ishlayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida quyi tashkilotlarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan tizimdagi xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning muammolarini hal qilish, munosib rag‘batlantirish, qiyin ijtimoiy vaziyatda bo‘lgan ayollarga psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarni tahlil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning, xususan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan yoki nogironligi bor ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ayollar, ayniqsa, yosh qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, jamiyat boshqaruv raisining tavsiyanomasiga muvofiq korxona mablag‘lari hisobidan 32 nafar ishchi-ayol xodim oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Jamiyat va uning quyi boshqarmalarida ishlab kelayotgan xotin-qizlarga sog‘lomlashtirish sihatgohlarida dam olib, salomatliklarini tiklashlari uchun yo‘llanmalar berib borilmoqda. Shu bilan birga, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida yil boshidan buyon Samarqand, Buxoro Xorazm kabi shaharlarning tarixiy maskanlariga ayollarning sayohati uyushtirilib, ularning ma’naviy hordiq chiqarishiga hissa qo‘shildi.

Tizim bo‘yicha tashkil etilayotgan tadbirlarda ham xotin-qizlarimiz hamisha e’zozu e’tirofda. Masalan, 8 mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni va Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan turkum tadbirlar, “Sog‘lom oila – jamiyat poydevori” shiori ostida oilaviy sport musobaqalari, “Jamoada mehnat samaradorligini oshirish” mavzusida psixologik treninglar, “Ayollar va sport”, “Zo‘ravonlikka qarshi kurash” shiori ostida uchrashuvlarning tashkil etilishi va ularda ayollarimizning faol ishtirokini ta’kidlash lozim.

Qisqacha aytganda, ayollarning taqdiri, buguni va kelajagi uchun davlat siyosati darajasidagi yuksak e’tiborning ifodasi bo‘lgan bunday sharoit va imtiyozlar mamlakatimiz tarixida hali bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz ko‘nglida jo‘sh urayotgan shukronalik, Prezidentimizdan minnatdorlik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishda ruhlantirmoqda.

Lola SHARIPOVA,

“O‘ztransgaz” AJ xotin-qizlar 
kengashi boshlang‘ich tashkiloti raisi.

O‘zA. Prezidentimizdan minnatdorlik hissi xotin-qizlarimizni ruhlantirmoqda (uza.uz)




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech