OAV biz haqimizda

Yangilangan sana: 05.17.2024 15:50:03




Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootida Prezident topshirig‘i asosida ishlar davom etmoqda

Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Andijon viloyatidagi tizim tashkilotlaridan biri hisoblanadi.


Ushbu ombor hajmi 900 million metr kubni tashkil qiladi.  

Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlashda mazkur inshootning alohida o‘rni bor. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootiga tabiiy gaz yig‘iladi, kunlar sovishi bilan aholi ehtiyoji uchun tabiiy gaz olish jarayoni boshlanadi.  

Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti boshlig‘i Xayrullo Boqijonov davlatimiz rahbarining 2017 yilda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan ko‘rsatmalariga asosan inshootda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi:  

–Mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishi, ishlab chiqarish sur’atlarining o‘sishi zangori yoqilg‘iga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbari 2017 yilda Andijon viloyatiga tashrifi davomida Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti aktiv gaz miqdorini 1 milliard 50 millionga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ayni topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 10 ta quduqni burg‘ilash, 1 ta gaz to‘plash shoxobchasi hamda gazni tozalash va quritish sexi qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Uning ijrosi doirasida bugun 4 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. Beshinchi va oltinchi quduqlarda jarayon davom etmoqda. Oltinchi quduq loyihasi 2250 metrga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda 800 metr chuqurlikda burg‘ilash ishlari bajarildi. Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida iste’molchilarga kunlik gaz miqdorini 9 ming metr kubdan 12 ming metr kubga oshirish imkoni paydo bo‘ladi.  

Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti faqatgina tabiiy gazni yer ostiga jamlash bilan cheklanmaydi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davomida 56 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ayni damda gazni tozalash va quritish sexida sozlash ishlari bajarilmoqda. Kondagi quduqlardagi mingga yaqin sharli kranlar reviziya qilingan. 15 quduqda kapital ta’mirlash ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, shularning 10 tasida reja asosida ishlar bajarildi. Hozirda gazni jamlash jarayoni davom etmoqda. Bugungi kunga kelib 70 foiz tabiiy gaz reja asosida yer ostiga jamlandi.  
















Shuningdek, Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootida mehnat qiluvchi ishchi-xodimlarga qulayliklar yaratish maqsadida inshoot oshxonasi ta’mirlandi, xodimlarning jismoniy chiniqishi uchun esa futbol maydoni qurilgan. Yaqin kunlarda esa sport inshooti foydalanishga topshiriladi.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootida Prezident topshirig‘i asosida ishlar davom etmoqda (uza.uz)




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech